Elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash uchun lokal qozonxonalar qurish kerak

15:34 26 Noyabr 2020 Jamiyat
329 0

Kuzning soʻnggi kunlari tugamasdan yurtimizga sovuq havo oqimining birdaniga kirib kelishi, qanchalik kuz-qish mavsumiga tayyor boʻlmaylik, tizimdagi oqsoqliklarning yuzaga chiqishiga sabab boʻldi.

Statistik maʼlumotlarga asosan, bugungi kunda respublikamizda 15500 ta koʻp kvartirali uylarga issiqlik taʼminoti korxonalaridagi 79 ta markaziy va 345 ta kichik (lokal) qozonxonalar tomonidan issiqlik energiyasi yetkazib beriladi. Ammo ushbu qozonxonalar barcha koʻp qavatli uylarni qamrab olganmi? Afsuski, yoʻq.

Barchamizga maʼlum, hududlardagi koʻp qavatli uylarning aksariyatida isitish tizimi markazlashgan tizimdan uzilib, mustaqil isitish tizimiga oʻtkazilgan. Yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylar ham shunday isitish tizimiga moslashgan holda loyihalashtirilmoqda.

Kuz-qish mavsumiga kirib kelinishi bilan limitdagi bor gaz koʻp qavatli uylarni isitishga berilyapti, chunki ularda boshqacha yoʻl bilan isitishning imkoni yoʻq. Koʻp qavatli uylarning hammasida ham isitish tizimi yoʻqligi sabab, gaz plitalarni baland qilib yoqib qoʻyish yoʻli bilan xonadonlarni isitishadi. Bu esa gazning koʻp sarf boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, is gazidan zaharlanish xavfi oshmoqda.

Muammoni qanday yechish mumkin?

Menimcha, qanchalik mablagʻ talab qilmasin, koʻp qavatli uylarni lokal qozonxonalarni qurish orqali isitish tizimiga oʻtkazish zarur. Yangi qurilayotgan uylarni loyihalashtirishda ham mana shunday tizimga moslashtirib rejalashtirish maqsadga muvofiq boʻladi. Soʻnggi yillarda energiya tejovchi, gazni kam sarflovchi, bir vaqtning oʻzida elektr energiyasi, gaz va koʻmirda ishlovchi issiqlik qozonlari ishlab chiqarilmoqda.

Maʼlumki, uy-joy shirkatlari uyushmasi qoshidagi har bir shirkatga 10 ga yaqin koʻp qavatli uylar biriktirilgan. Shirkatlar oʻziga tegishli boʻlgan koʻp qavatli uylarga bitta mahalliy isitish qozonxonasini oʻrnatishi orqali qanchadan-qancha elektr energiyasi hamda tabiiy gazni iqtisod qilinadi.

Yillar davomida kuz-qish mavsumida yuzaga kelayotgan muammolardan betalafot chiqish, aholini rozi qilish, insonlarga qulaylik yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish talab etiladi.

Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?