Elchi Gujarat shtati hukumati aʼzolari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

08:39 10 Aprel 2021 Siyosat
436 0

Oʻzbekiston va Hindiston hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar doirasida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov Gujarat shtatiga tashrif buyurib, shtat Bosh vaziri Vijay Rupani bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Vijay Rupani soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar, xususan, hududlararo hamkorlik aloqalari mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganligini eʼtirof etdi. Bu borada 2019-yil yanvar oyida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat” xalqaro investitsion sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bosh mehmon sifatida ishtirok etishi barcha sohalarda faol va samarali aloqalar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochganligi alohida taʼkidlandi. Oʻtgan davr mobaynida turli darajadagi qator delegatsiyalarning almashinuvi natijasida oʻnlab qoʻshma loyihalar va investitsion kelishuvlarga erishildi.

Gujarat shtati rahbari mazkur kelishuvlarning aksariyati boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan boʻlsada, pandemiya tufayli 2020-yil mart oyidan butun dunyoda, shu jumladan Hindistonda, qatʼiy cheklovlar kiritilishi oqibatida ayrim loyihalarda kechikishlar kuzatilayotganligini taʼkidladi. Oʻz navbatida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hind tomoni qatʼiy ekanligi va bu borada mahalliy hukumatning tegishli vazirlik idoralari har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanligi bildirildi.

Gujarat hukumati rahbari hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʻnalishlari sifatida muqobil energiya manbalari, “aqlli shahar” konsepsiyasi, elektromobillar ishlab chiqarish kabi sohalarni koʻrsatib oʻtdi.

Gujarat shtatiga tashrif davomida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov mazkur shtat turizm vaziri Javaxar Chavda bilan uchrashdi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston hududlarining va Gujarat shtatining ulkan turizm salohiyati alohida qayd etildi va tomonlar sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatishga kelishildi. Bu borada shtat turizm vaziri epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, tomonlar yetakchi turkompaniyalari va OAV uchun oʻzaro info-turlar tashkil qilish taklifini bildirdi.

Oʻz navbatida hind tomonidan Samarqand xalqaro turizm universiteti, Andijon turizm va servis kolleji bilan Gujarat shtatidagi turizm sohasiga yoʻnaltirilgan yetakchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari oʻrganildi.

Shu bilan birgalikda oʻzaro madaniy aloqalarni jadallashtirish maqsadida yil davomida Oʻzbekistonda va Hindistonning Gujarat shtatida tashkil etiladigan yirik madaniy tadbirlar kalendari va ularda tomonlar vakillari ishtiroki muhokama qilindi.

Hindistonning Gujarat shtatida mamlaktimiz investitsion va eksport salohiyati ham taqdim etildi

Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov Gujarat shtati Savdo-sanoati palatasiga tashrif buyurib, palata prezidenti Natubxay Patel va palata aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Gujarat Savdo-sanoati palatasi Hindistondagi yirik palatalardan biri boʻlib, 70 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda uning aʼzolari soni deyarli 200 ming nafarni tashkil etadi.

“Davra suhbati” shaklida tashkil etilgan uchrashuvda gujaratlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonning investitsion, eksport salohiyati va turizm sohasi imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Farmatsevtika, terini qayta ishlash, toʻqimachilik, sogʻliqni saqlash va boshqa qator yoʻnalishlar boʻyicha aniq loyihaviy takliflar palata aʼzolariga eʼtiboriga taqdim etildi.

Hindistonning Gujarat shtati va Oʻzbekiston hududlaridagi ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish maqsadida mazkur Palata rahbari Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan tegishli hamkorlik Memorandumini imzolashni taklif qildi.

Mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov Gujarat shtatiga tashrif buyurib, Gandinagar shahrida joylashgan Milliy sud ekspertizasi universiteti rektori vazifasini bajaruvchi D.Vyas bilan ham uchrashdi.

Taʼkidlash lozim, mazkur universitet 2008-yil Gujarat sud ekspertizasi universiteti nomi bilan tashkil etilgan boʻlib, 2020-yil mart oyida unga milliy universitet (National Forensic Science University) maqomi berilgan. Ushbu oliy taʼlim maskani Hindiston Ichki ishlar vazirligi tarkibiga kiradi va mamlakatning ushbu sohaga ixtisoslangan yagona taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Universitetning oʻquv dasturi kriminalistika, sud ekspertizasi, kiberxavfsizlik, kontrterrorizm, raqamli sud ekspertizasi, biokriminalistika va boshqa kurslarni oʻz ichiga oladi. Universitet AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Turkiya, Isroil, Avstraliya, Malayziya, Bangladesh kabi dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Uchrashuvda Hindiston Milliy sud ekspertizasi universiteti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Innovatsion rivojlanish vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. 

Shu bilan birga, universitetda respublikamizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlarini oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha amaliy kurslar tashkil etish sharoitlari oʻrganildi.

Muassasa rahbari Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan Milliy sud ekspertizasi universitetining faoliyati doirasidagi barcha sohalarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u istiqbolda respublikamizdagi hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda mazkur universitetning filialini ochish masalasini ham oʻrganib chiqish mumkinligi haqida xabar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?