Eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi

17:03 20 Avgust 2021 Iqtisodiyot
375 0

Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi davomida ikkinchi yoʻnalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi:

– Maʼlumki, soʻnggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Koʻpchilikning esidan chiqqan boʻlishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yoʻl jamgʻarmalariga biznes uchun ogʻir yuk boʻlgan 3,2 foizli yigʻimlar toʻlanar edi.

Ushbu yigʻimlar korxonalarning foydasidan qatʼiy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng boʻlgan.

Byudjetdan tashqari jamgʻarmalarga mazkur yigʻimlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxona har yili oʻrtacha 6 trillion soʻm soliq toʻlashdan ozod boʻldilar.

Molk-mulk, daromad soligʻi va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan boʻlsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, toʻqimachilik va elektrotexnika sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga tushirildi, koʻproq zarar koʻrgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari toʻlovlaridan butkul voz kechildi.

Bu esa, oʻz navbatida tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion soʻm mablagʻni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.

Lekin, soliq stavkalari va soliq maʼmurchiligi boʻyicha tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan haqli savollar hali juda koʻp.

Birinchidan, oʻtgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin, 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yoʻqmi, deb bezovta boʻlmoqdalar.

Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat boʻlishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.

Lekin, bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qoʻshilgan qiymat soligʻining uzluksiz zanjirini yaratish boʻyicha katta islohotlarni olib borayapmiz.

Shu bois, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qoʻshilgan qiymat soligʻining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi.

Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda oʻrtacha 350 milliard soʻm qoʻshilgan qiymat soligʻini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kun davomida boʻlib-boʻlib toʻlashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi, - dedi Prezident.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?