Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri stipendiyasi taʼsis etiladi

20:03 08 Iyun 2023 Hujjatlar
1211 0

“Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–174-son, 31.05.2023-y.) qabul qilindi.

Xabaringiz bor, Prezident farmoni bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) tashkil etildi.

Universitet davlat OTM hisoblanib, faoliyati “Hub and Spoke” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Universitetda taʼlim davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida tashkil etilib, oʻquv jarayoni:

- kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi;
- oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Yetakchi, eʼtirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqa) sertifikatlariga ega abituriyentlar tegishli fanlardan eng yuqori ball oladi va ushbu fanlardan imtihondan ozod qilinadi.

Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari boʻyicha kamida 20 ta grant oʻrinlari ajratiladi.

2023-yil 1-sentyabrdan oliy taʼlim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻrmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri stipendiyasi taʼsis etiladi.

Bunda, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan talabalarning bir yillik toʻlov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida (990 ming soʻm), davlat granti asosida taʼlim olayotgan talabalarga har oyda BHMning 6 baravarida (1 mln 980 ming soʻm) stipendiyalar tayinlanadi.

Bitiruvchilarga Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Universitetni tamomlagan Oʻzbekiston fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, 5 yillik ish stajiga ega boʻlgandan keyin – mutaxassisligi boʻyicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер