Ekologik muammoni hamjihatlikda bartaraf qilishdagi muhim qadam

23:21 20 May 2021 Jamiyat
573 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, xususan Yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlashga hissa qoʻshayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bundan toʻrt yil avval Oʻzbekistonning tub islohotlarni amalga oshirish boʻyicha qarori qatʼiy ekanini butun dunyoga baralla eʼlon qilgan maydon ham BMTning oliy minbari boʻlganini koʻpchiligimiz yaxshi eslaymiz, bilamiz.

2017-yil 20-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq soʻzlagan Prezidentimiz mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yoʻlidan borilayotgani, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilayotgani, umumxalq muhokamasidan soʻng besh yilga moʻljallangan Oʻzbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasi qabul qilinganini, bu strategiyani ishlab chiqishda biz oʻzimizga chetdan nazar tashlab, salohiyat va imkoniyatimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qilganimizni butun dunyo hamjamiyatiga bildirib oʻtgan edi.

Mazkur sessiyada Sh.Mirziyoyev tomonidan BMTga tashkilot qoshidagi Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgan edi. Har tomonlama chuqur oʻylangan bu taklif va tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan maʼqullangach, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muntazam oʻtkazilayotgani nafaqat Oʻzbekiston, balki mintaqadagi barcha mamlakatlarning tinchligi mustahkamlanishiga, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, oxirgi besh yilda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi salkam besh barobarga oʻsdi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan tahlikali zamonda ham mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar oʻzaro bogʻliq ekani, oʻrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhimligiga eʼtibor qaratilmoqda.

Eng muhimi, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli mintaqamizda chorak asrdan buyon yechimini kutgan masalalar boʻyicha prinsipial jihatdan oʻzaro maqbul qarorlar qabul qilinishiga erishildi. Xususan, 2020-yil sentyabr oyining boshida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston davlat chegaralari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanishi tom maʼnoda muhim voqea boʻldi.

Davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oʻtgan yigirma olti yil davomida birinchi marta ushbu gʻoyat nozik masala boʻyicha katta natijani qoʻlga kiritdik. Boshqacha aytganda, oʻtgan besh yil mobaynida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga muvaffaq boʻlindi.

Yuqoridagi masalalardan koʻrinib turganidek, BMTning sessiyalarida Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan har bir asosli tashabbus va taklif xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib eʼtirof etilmoqda. Joriy yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaga oid tashabbus BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

2017-yil iyun oyida Oʻzbekistonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning uchrashuvi boʻlgandi. Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etilgandi. Bosh Kotib oʻz tashrifi doirasida Orol dengiziga borib, u yerdagi vaziyat va global muammo bilan yaqindan tanishishga muvaffaq boʻlgandi. Yuqori martabali mehmon Orol dengizining qurishini suv resurslaridan foydalanishda koʻp tomonlama hamkorlik yoʻlga qoʻyilmaganining oqibati, deya baholagandi.

Darhaqiqat, Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari global muammoga aylanib, mintaqa ekologiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Hududda atrof-muhit va iqlimning salbiy tomonga oʻzgarishi, suv va havoning ifloslanishi mintaqada ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladi.

Orolboʻyi hududi ekologik fojianing markaziga aylanib, mavjud ahvolni yaxshilash uchun mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. Orol dengizini saqlab qolish borasida mamlakatimizda misli koʻrilmagan tajribalar qoʻllanilib, dengiz oʻrnidagi sahroni oʻrmonga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari qabul qilinib, “yashil qoplamalar” barpo etishning huquqiy asosi yaratilgan.

Qabul qilingan qarorlar doirasida 2018-2020-yillarda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 1,2 million gektar maydonda oʻrmon-meliorativ tadbirlari amalga oshirildi. “Yashil qoplamalar” barpo etishda texnika, aviatsiya, kichik aviatsiyadan foydalanilib, innovatsion usullar qoʻllanildi. Ushbu oʻrmon-meliorativ tadbirlari uchun oʻrmon xoʻjaliklari ishchilari va aholi tomonidan 4,3 ming tonna choʻl oʻsimliklari boʻlgan saksovul, qoraburoq, qandim, cherkez va choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻlari jamgʻarildi. Shuningdek, 1000 ta texnika va mexanizm, 6 dona samolyot va 2 dona deltaplan jalb etildi.

Ayni paytda ushbu hududlarda oʻrmon-meliorativ tadbirlarini davom ettirish, Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida “yashil qoplamalar” barpo etishga doir ekologik innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda jahon mamlakatlari bilan hamkorlikda qiladigan ishlarimiz koʻp. Kezi kelganda taʼkidlash lozim, 2021-yilgi “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 259-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida ilgari surilgan tashabbuslarni parlamentlararo darajada targʻib qilish chora-tadbirini amalga oshirish belgilangani biz, parlament aʼzolariga yuksak masʼuliyat yuklaydi. Parlament aʼzolari saylovchilarga ushbu tashabbusning ahamiyati, mazmun-mohiyati haqida ishonchli, toʻgʻri maʼlumotlarni yetkazishi bilan bir qatorda bu boradagi mavjud qonunchilikdagi boʻshliqlarni toʻldirishga harakat qilmogʻimiz lozim.

BMTga aʼzo mamlakatlar bilan hamjihatlikda Orolboʻyi hududida ekologik holatni saqlash, hududdagi ob-havo, suv xoʻjaligi, ekologik va iqtisodiy koʻrsatkichlari boʻyicha kuzatuv hamda tahliliy baholash ishlari hamda Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etishga oid ilmiy-amaliy va fundamental tadqiqotlarni oʻtkazishga qaratilgan ishlarni jadallik bilan amalga oshirmasak, mintaqadagi ekologik ofatlar xalqlarimizning turmushini, salomatligini ogʻirlashtiradigan global muammolar yuzaga kelishi ehtimoli oshib boraveradi.

Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat, shu jumladan Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Turkiya, Yaponiya, Pokiston, Eron Hindiston, Misr, Malayziya, Singapur, Vyetnam, Bangladesh, Iordaniya, Oʻmon, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Vengriya, Ruminiya, Jazoir, Paragvay va boshqa mamlakatlar yuqoridagi hujjatga hammualliflik qilgani ularning ham Orol dengizi qurishining oqibatlarini toʻgʻri baholay olishi, Prezidentimiz bejizga bu muhim masalaga jahon hamjamiyatining eʼtiborini qaratmaganidan dalolatdir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, butun insoniyat va uning salohiyatli qatlami inson va tabiat oʻrtasidagi maqbul holatni belgilab olishga intilayotgan bir paytda ekologik falokatlarning oldini olish boʻyicha xalqaro hamkorlikni faollashtirish insoniyat taraqqiyotining bundan keyingi bosqichlarida ham muhim hayotiy zaruratlardan biri boʻlib qolaveradi.

Odiljon TOJIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер