Ekologik inqirozning oldini olish uchun nima qilish kerak?
Ekologik standartlarga amal qiluvchi Yaponiya o‘z tarixida tezkor sanoatlashuvi yillarida havo ifloslanishi bilan bog‘liq xastaliklar avj olishining to‘rtta to‘lqinini boshdan kechirgan. Hozirda global isish va iqlim o‘zgarishi xalqaro darajadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Afsuski, bu muammo O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Mamlakatimizdagi ekologik holatning naqadar jiddiy ekanini Toshkent shahri havosining ifloslanib borayotgani, xalqaro reyting va indikatorlardan ham ko‘rish mumkin. 2022 yilgi Jahon havo sifati hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston havosi eng ifloslangan 20 ta davlatdan biri hisoblanib, havodagi qum-chang zarrachalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me’yorlaridan o‘rtacha 6,7 baravar yuqori hisoblanadi. Afsuski, havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn uzatuvchi stansiyalar faqat Toshkent shahrida joylashgan va bu butun O‘zbekiston bo‘ylab umumiy ekologik holatni baholash imkonini cheklaydi.
2023-yil 31-mayda Prezidentimizning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingandi. Farmonga asosan, 2023-yilning 1-dekabriga qadar tuman (shaharlar)da atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini amalga oshirish uchun 347 ta avtomatlashgan stansiya xarid qilish va o‘rnatish belgilangandi, ammo mazkur farmonning ijro muddati 2024-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirildi. Taassuf bilan ta’kidlash kerakki, atrof-muhit ifloslanishi va uning natijasida yuzaga keladigan tabiiy omillar nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga, balki fuqarolar sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ekologik omillardan har yili 13 million kishi halok bo‘lmoqda va shundan 6,5 million o‘lim havo ifloslanishi oqibatida yuz beradi. Bunda 90 foiz o‘lim ko‘rsatkichi rivojlanayotgan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ekologik ifloslanish va aholi salomatligi bilan bog‘liq inqirozni Yaponiya davlati misolida tahlil qilib ko‘raylik. Bu davlat Osiyoda ekologik holati barqaror va yuqori ekologik standartlarni joriy etish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Bunday natijaga erishish uchun mamlakat atrof-muhit ifloslanishi natijasida yuzaga kelgan jamoat sog‘lig‘i bilan bog‘liq to‘rtta jiddiy inqirozni boshidan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan va ulardan uchtasi 1950 — 1960-yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sish va sanoatlashish davriga to‘g‘ri keladi. Yaponiyaning Miye prefekturasidagi Yokkaichi porti atrofida joylashgan, urushdan keyin xaroba bo‘lib yotgan sobiq harbiy yoqilg‘i ombori hududida 1955-yilda neft-kimyo majmuasi qurish loyihasi tasdiqlanadi. 1959-yildan to‘liq ishga tushgan majmuadan atmosferaga chiqarilgan tashlanmalar tufayli hududdagi havo yuqori darajada ifloslana boshlaydi. Buning natijasida aholi orasida turli kasalliklar ko‘payadi, chiqindi suvlar yetarli ishlov berilmay dengizga quyilgani sababli, suv manbalari ifloslanib, baliqchilik sanoati inqirozga yuz tutadi. 1963-yilda ushbu hududda ikkinchi neft-kimyo majmuasi ishga tushiriladi. Bu paytga kelib ekologik ifloslanish qo‘shni tuman va hududlarga ham yoyila boshlaydi hamda inqiroz tarixda “Yokkaichi astma” yoki “Yokkaichi ifloslanishi” nomlari bilan qoladi. Ifloslanish darajasini pasaytirish uchun korxonalar tomonidan 1965-yilda atmosferaga chiqariladigan tashlanmalar minoralari balandligi oshiriladi. Bu chora bevosita yondosh hududlarga yetkaziladigan zarar ko‘lamini kamaytirgan bo‘lsa-da, umumiy holda ifloslanish hududi yanada kengayishiga olib keladi. Bu ekologik inqirozdan aholi salomatligi bilan bog‘liq salbiy ta’sir boshlanadi.
Iqtisodiy o‘sishga ustuvorlik berilgani, davlat va mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga nisbatan yon bosilgani sababli, havo ifloslanishi va uning natijasida aholi salomatligi yomonlashuvi bevosita bog‘liqligi rad etiladi. Natijada hududdagi neft-kimyo korxonalari va hokimiyat idoralari tomonidan havo ifloslanishini kamaytirish yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar ko‘rish paysalga solinadi. Ifloslangan havodan zararlanish darajasini kamaytirish uchun shifokorlar tavsiyasi bilan aholi, ayniqsa bolalar uchun 1960-yillar o‘rtalarida maktablarda kuniga 5-6 martadan og‘iz chayqash, niqob taqish tartibi joriy etiladi hamda havoni tozalovchi moslamalar o‘rnatiladi. Nihoyat 5-yil davom etgan sud 1972-yilda da’vogarlarning g‘alabasi bilan yakunlanadi.
Lekin bu paytda ekologik vaziyat butunlay izdan chiqqan, qurbonlar ham kuzatilgan edi. Sud hukumat va ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga jiddiy talablarni qo‘yadi va bu bilan mamlakatning boshqa hududlarida ham ekologik talablar inobatga olina boshlaydi. 1966-1969-yillarda 28 gektar maydonda shaharning Markaziy yashil bog‘i barpo etiladi. 1967-yil Miye prefekturasining atrof-muhit ifloslanishi ahvolini doimiy o‘rganish va tadqiq qilish uchun markaz tashkil etilgan bo‘lsa, 1971-yilga kelib Yaponiya ekologiya vazirligi tashkil etiladi.
1990 yilda shahar hokimligi tomonidan atrof-muhit ifloslanishini oldini olishga qaratilgan texnologiyalarni boshqa rivojlanayotgan davlatlar ham foydalanishi uchun “Ekologik texnologiyalar transferi” markazi tashkil etiladi. 2015 yilda Yokkaichi ifloslanishi va kelajak avlodlardagi xabardorlikni oshirish bo‘yicha ekologiya muzeyi tashkil etiladi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida atrof-muhit ifloslanishi va aholi salomatligi bilan bog‘liq yuzaga kelgan inqirozli holat to‘liq bartaraf etiladi. Bugungi kunda Yaponiyada, xususan, Yokkaichi shahrida ekologik holat ancha barqaror va atrof-muhit tozaligi bo‘yicha yuqori natijalar qayd etib kelinmoqda. Jumladan, Ekologik samaradorlik indeksiga ko‘ra, Yaponiya umumiy 57,2 ball bilan 25-o‘rinni band etgan bo‘lsa, havo tozaligi bo‘yicha 78,9 ball bilan dunyo mamlakatlari Ichida 13-o‘rinni egallaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yapon kompaniyalarining 76 foizi iqlim o‘zgarishi jiddiy masala ekanini qayd etib, issiqxona gazlarini kamaytirish uchun 85 foiz holatda energiyani tejash, 68 foiz holatda ekologik toza tovar va xizmatlardan foydalanish, 55 foiz holatda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish va 51 foiz holatda ishlab chiqarish jarayonini maqbullashtirish orqali erishib kelmoqda.
Konstitutsiyaning 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlangan. Biroq, keyingi vaqtlarda Toshkent shahrida havo ifloslanishi darajasi yuqoriligicha qolayotgan bo‘lib, bu nafas yo‘llarining surunkali xastaliklariga olib kelishi mumkin.
O‘zbekistonda havo ifloslanishi ekologik va aholi salomatligi bilan bog‘liq inqirozlar oldini olish uchun birinchidan, barqaror rivojlanish tamoyillariga muvofiq barcha darajadagi qarorlarni qabul qilishda iqtisodiy va ekologik manfaatlar hamda insonning munosib yashashga bo‘lgan huquqlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash lozim. Bunda ekologik tamoyillarni rad etish yoki ularga zid ravishda iqtisodiy manfaatlarga ustuvorlik berishdan voz kechish kerak.
Ikkinchidan, fuqarolarni atrof-muhit holati to‘g‘risidagi ishonchli axborot bilan ta’minlash maqsadida ekologiyaga oid axborotlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash va kengaytirish zarur. Jumladan, har bir korxona va tashkilot kesimida atrof tabiiy muhit holatiga zararli ta’sir qiladigan yoki nomaqbul tarzda ta’sir etishi mumkin bo‘lgan obyektlar, atrof tabiiy muhitga tushadigan zararli moddalarning turlari va miqdori, chiqindilarning hajmlari va tarkibi, o‘zgarish dinamikasiga oid ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash lozim. Ayni paytda respublika bo‘ylab atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshiruvchi stansiyalarni tezroq ishga tushirish va real vaqt rejimida onlayn uzatishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, havo ifloslanishi fon monitoringidan kelib chiqib, aholi uchun o‘z asrash uchun qanday ehtiyot choralarini ko‘rish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish zarur.
Uchinchidan, rivojlangan davlatlarda korporativ hamjamiyatning mas’uliyatini oshirish uchun korporativ ijtimoiy mas’uliyat (KIM) tamoyillaridan keng foydalaniladi. Shu munosabat bilan milliy qonunchilikda, xususan, tadbirkorlik va ekologiyaga oid qonunchilikda KIM tamoyillarini mustahkamlash orqali korporativ sektorning ekologik mas’uliyatini oshirish zarurati bor. KIM tamoyillarining amalga tatbiq etilishini nazorat qilish fuqarolik jamiyati institutlari, OAV, faol iste’molchilar qatlami yordamida jamoatchilik nazorati mexanizmlari orqali amalga oshirish kerak.
To‘rtinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7-sentabrdagi qarorida keltirilgan ekologiyani yomonlashtirish darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan korxonalar tomonidan atrof-muhitga zarar ko‘lamini kamaytirish va oldini olish uchun ilg‘or ekologik tozalash texnologiya va filtrlarini majburiy qo‘llash tartibini joriy etish shart. Xuddi sement ishlab chiqarish tashkilotlari uchun belgilangani kabi mazkur korxona va tashkilotlarga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlar)ni o‘rnatish hamda fon monitoringini real vaqt rejimida onlayn uzatishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz. Mazkur chora-tadbirlar ma’lum bir moliyaviy xarajatlarni amalga oshirishni talab etsa-da, bunday xarajatlar ekologik mas’uliyatsizlik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy ekologik talofatlar va aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq inqirozli holatlar natijasida yetkazilgan zararga qaraganda bir necha barobar arzon hisoblanadi.
Ergash QOBILOV,
Samarqand davlat universiteti
Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi mudiri, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring