Ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiluvchi qonunchilik takomillashtirilmoqda

13:58 10 Iyul 2024 Siyosat
103 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, hozirda kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi hayvonlar va oʻsimliklar turlari soni ortib bormoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 2009-yilda 184 ta hayvon va 304 ta oʻsimlik turlari kiritilgan boʻlsa, 2019-yilga kelib ushbu koʻrsatkich mos ravishda 206 (+22) hamda 314 (+10) tani tashkil etgan.

Mazkur Qonun bilan qator qonunlarga mamlakatimizning Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish hamda ularni tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning oʻsish muhiti boʻlgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkinligi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qizil kitobga kiritilgan, kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning hamda yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi, cheklovlarning asoslari, ularning amal qilish muddati belgilanishi koʻrsatib oʻtilmoqda.

Bundan tashqari, ekologiya va oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Qonun va kodekslardagi oqova suvlarni chiqarib yuborish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq tushunchalar “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni normalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Qayd etilganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini taʼminlashga, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining oʻsish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga hamda kommunal xizmat koʻrsatish sohasida huquqni qoʻllash amaliyotining bir xilligi taʼminlanishiga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?