Ekofaoldan hayratlanarli tajriba, 2 ming marta foydalanilgan plastik, usmirning jasorati – tabiyatni sevuvchi uch inson hikoyasi

10:55 18 Noyabr 2020 Jamiyat
125 0

Butunjahon yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmasi (WWF) hisobotiga koʻra, dunyoda 2000-yildan buyon ishlab chiqarilgan plastiklar shu davrgacha ishlab chiqarilgan jamiki plastiklardan ham koʻp.

Birgina 2016-yilda 396 million tonna plastik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Va bu koʻrsatkich butun Yer sayyorasi aholisining jon boshiga taqsimlaganda 53 kilogramdan toʻgʻri keladi.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, plastik chiqindilar ishlab chiqarish yana 41 foizgacha koʻpayishi mumkin, oqibatda esa plastik chiqindilarning okeanlaridagi miqdori 2030-yilga kelib ikki baravar ortadi.

“Plastmassalar tabiatni ifloslantiradi, yovvoyi tabiat va ekotizimlarga xavf tugʻdiradi. Har yili 100 million tonna plastmassa va polietilen chiqindilari yerni, daryolarni va okeanlarni ifloslantiradi”, deya ogohlantirmoqda WWF.

Olimlarning hisob-kitoblariga koʻra dunyoda har daqiqada ikki millionga yaqin polietilen paket sotiladi.

Bu dahshatli raqamlardan ham maʼlumki, chiqindilar, odamzodning tabiatga boʻlgan shavqatsiz munosabati nafaqat insoniyat uchun, balki tabiat va hayvonot dunyosiga ham tiklanmas, oqibati ayanchli muammolarni keltirib chiqaradi.

Albatta, ekologik muammolarga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlar, turli-tuman jamgʻarmalar, harakatlar tomonidan muammolarni kamaytirishga qaratilgan uzoq va yaqin muddatli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Dunyoning aksariyat mamlakatlari rahbarlari zamonamiz ekologik muammolarini hal etishga shoshilmayotgan bir paytda, azaldan yer yuzida oʻz imkoniyatlari darajasida ekologik muammolarga toqatsiz munosabatda boʻladigan, tabiat sofligi uchun hissasini ayamaydigan odamlar boʻlgan va hozir ham bor. Olimlar oʻrganishdan, ekologlar ogohlantirishdan, siyosatchilar vaʼda berishdan charchamayotgan bir paytda, oramizdagi jussasi kichik, yuragi, irodasi baquvvat, maqomi, yashashi oddiygina boʻlgan bu insonlarning amalga oshirgan KATTA ishlari kishini hayratga soladi. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan uch qahramonimiz, siz-u biz bilan bir zamonda yashamoqda, ular muammolar haqida tinimsiz bong urmaydi, stol mushtlab ekologik muammolar haqida ogʻiz koʻpirtirmaydi, shunchaki tabiatni qattiq sevadi, yer yuzini chiqindilardan holi, ozoda koʻrishni istaydi va buning uchun oʻzining bor imkoniyatidan foydalanib hissa qoʻshishga urinadi, faqat gapiravermasdan shaxsiy namuna boʻlishga tirishadi. Ular bilan tanishing.

34 yildan beri bitta polietilen xaltadan foydalanayotgan qariya

Britaniyalik qariya umrining oxirgi oʻttiz yili davomida doʻkonga ana shu bitta polietilen xalta bilan borgan. Shu vaqt ichida u mazkur xaltadan 2 ming martadan koʻproq foydalangan.

Bir necha yil avval Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalarida 35 yildan buyon atrof-muhitga gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelayotgan nafaqaxoʻr haqida hikoya paydo boʻldi.

Facebook foydalanuvchilari uzoq vaqt birgina polietilen xalta bilan doʻkonda 34 yil yurgan Martin Makkaskining hikoyasini muhokama qilishdi. Martinning qizi uning eski plastik paket bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. Qizi otasining bitta paketdan shuncha uzoq vaqt davomida foydalanganini bilib hayratga tushadi.

Qariyaning aytishicha, xaltaning kichik teshigi boʻlishiga qaramay, paket nafaqaxoʻrga yana bir yildan koʻproq vaqt xizmat qiladi.

Qariya bu ishni ekologik muammolar sabab ataylab qilgan. Albatta, u har kuni bu bitta sumkani toʻldirib oziq-ovqat mahsulotlarini olib yurmasdi. Shunga qaramay, nafaqaxoʻr bu ishi bilan 2000 oddiy plastik sumka bilan atrof-muhitni ifloslashdan tejagani taxmin qilinmoqda. 72 yoshli erkak hisob-kitoblariga koʻra, u doʻkonga oʻzining bardoshli sumkasi bilan 2000-marta borgan.

Martin oʻrtacha qilib aytganda oʻzining “abadiy” plastik sumkasidan haftasiga bir marta foydalangan. Agar u tez-tez doʻkonga boradigan boʻlsa, tejamkorlik koʻlamini tasavvur qilish qiyin.

Ekofaolning hayratlanarli tajribasi

Ekofaol Rob Grinfild hayratlanarli tajriba oʻtkazdi. U 30 kun davomida oddiy insonlardek yashadi, birorta axlatni tashlamadi, ularni buklab oʻz ustida olib yurdi. Sinov oxiriga kelib “axlat kostyumi”ning vazni oʻzining vazni bilan bir xil edi.

Ushbu tajriba odamlarning chiqindilar haqidagi fikrlarini oʻzgartirib, insonlar chiqaradigan chiqindilar miqdorini kamaytirishga undashi mumkin. Rob Grinfild atrof-muhitga zarar yetkazishni oddiy turmush tarzi bilan koʻrsatib bergan taniqli ekofaollardan. Shuningdek, u oziq-ovqat chiqindilari va ochlikka chek qoʻyishga qaratilgan “Food Waste Fiaso” harakatining asoschisi. Rob bambukdan yasalgan velosipedida Amerikaga ikki marta sayohat qildi va San-Diyegodagi 15 metr kvadrat uyida yashab, odamlar uchun 10 ta kichkina tomli uy qurish uchun yetarli mablagʻ yigʻdi. Baxtli va sogʻlom boʻlish biz oʻylaganimizchalik qiyin emas ekan: oddiy hayot bizni mustaqil qiladi, boshqalarga yordam bera olsak bu baxtli daqiqalardir - bu Rob Grinfildning “Dunyo yaxshiliklarga toʻla” qisqa metrajli filmidan parcha. Filmda Robning choʻntagida atigi 10 sent bilan 7 mamlakat boʻylab 37 kunlik sayohati tasvirlangan. Rob aytganidek, uning hayotdagi eng katta maqsadi odamlarni kundalik oddiy harakatlari atrofdagi dunyoga qanday taʼsir qilishi haqida oʻylashga undashdir.

Oʻtgan yili Rob har kuni oʻzining Facebook sahifasida va You Tube kanalida joylashtirgan “Trash Me” tajribasini oʻtkazdi. 1 oy davomida Rob oddiy amerikaliklar kabi yashadi: u doʻkonga borib, hamma uchun odatdagi ovqatni isteʼmol qildi, har bir kishi har kuni taxminan 2 kg axlatlarini tashlaydi. Rob bitta ham axlatni tashlamadi, balki uni maxsus ichki kiyimiga solib, doimo yonida olib yurdi: uyda ham, koʻchada ham. Bir martalik ishlatiladigan kofe, polietilen paket, pissa qutisi kabi axlatlarni olib yurish uchun har kuni kostyum kiyishiga toʻgʻri keldi. Rob uchun Nensi Jadd maxsus shaffof kostyumni ishlab chiqardi, unda siz barcha toʻplanib qolgan axlat qoldiqlarini koʻrishingiz mumkin. Birinchi haftaning oxiriga kelib, taxminan 14 kg, oy oxiriga kelib esa 60 kg dan ortiq axlat yigʻildi: “axlat kostyumi” Robning oʻziga ogʻirlik qila boshladi. Bunday kostyumda u har kuni shahar koʻchalarida yurib, odamlar va ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini tortdi.

Loyiha yakunida Robning jamoasi ushbu ajoyib tajriba haqida film suratga olishdi. “Trash Me” nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar, balki har kuni qancha chiqindilar chiqarishi haqida hech qachon oʻylab koʻrmagan oddiy odamlar uchun ham unutilmas va hayratlanarli tajriba edi. U bizning oddiy kundalik harakatlarimiz atrofimizdagi dunyoga qanday taʼsir qilishini aniq koʻrsatib beradi. Buni Rob har birimizga yetkazmoqchi edi va u bunga erishdi. Rob Grinfildning tajribasi oʻz hayoti yana-da mazmunli boʻlishini, atrof-muhitga zarar yetkazmasdan bemalol yashashni istaganlarni ilhomlantirishi mumkin.

Boshqa mamlakatlarda ham, odamlarning chiqindilar muammosiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirishga urinayotgan odamlar bor. Ukrainalik Marianna Boyko oʻzining “Plastiksiz 104 kun” nomli tajribasini oʻtkazdi va yana Loren Singer ham bir necha yillardan beri axlat tashlamayapti hamda oʻz maslahatlarini hamma bilan baham koʻrmoqda.

Oʻsmir boʻron vayron qilgan hududni obod qildi

Teo Kuini ismli oʻspirin boʻron natijasida vayron boʻlgan daraxtzorning oʻrnida mango daraxtlarini oʻstirmoqda. Ushbu tashabbusning maqsadi ulkan-yerni eroziya (tuproq yemirilishi)dan va kelajakda tabiiy ofat oqibatlaridan himoya qilishga yordam berish. Teo Kuini qirgʻoq oʻsimliklarining ahamiyatini yaxshi biladi. 2017-yil sentyabr oyida Florida shtatida yuz bergan Irma toʻfonidan soʻng hudud vayronagarchiliklarga duch keldi, Teo mangolardan juda xavotirda edi.

Milliy okean va atmosfera boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, mangolar atrof-muhitni saqlashda muhim rol oʻynaydi. Daraxtlar qirgʻoq chizigʻini barqarorlashtiradi, boʻronlar,toʻlqinlar, kuchli oqimlar natijasida yuzaga keladigan yemirilishlarni kamaytiradi. Ularning murakkab ildiz tizimi baliq va boshqa jonzotlar uchun ozuqa manbai hisoblanadi, yirtqichlardan panoh boʻladi.

«Boʻron koʻp miqdordagi singan mangolarni suv oʻtlari va qoldiqlari bilan aralashtirib yubordi. Ularni yigʻib yuk mashinalarida poligonga olib ketmoqchi boʻlishdi.

Tozalash jarayonida butun Florida shtati minglab mangolardan mahrum boʻlishini tushunib yetdim», deydi Teo.

U daraxt qoldiqlarini yigʻdi, ularni tozalab idishlarga ekdi. Avvaliga unda ikkita mango daraxti bor edi, ammo u endi aniq maqsad bilan koʻproq oʻstirishga qaror qildi: “Mening hududimda koʻplab daraxtlar bor, uyning tomi esa quyosh nuri yetadigan yagona joy. Men mangolar va ularning qanday oʻsishi haqida koʻp narsalarni bilaman”. Mayamidagi uyda Teo 524ta mango koʻchatini yetishtirdi.Taxminan yetti oydan keyin ular ekish uchun yetarli darajaga yetdi. Yigit doʻstlari yordamida ishga kirishdi: “Baʼzi amaldorlar meni qoʻllab-quvvatlashdi, bu ishlarni koʻrib juda xursand boʻlishdi. Men akula va baliqlar uchun pitomnik yaratmoqchiman, shuningdek yerni eroziyadan saqlashga yordam beraman”, deydi u.

Bu Teoning atrof-muhitga qilayotgan birinchi yordami emas. “Bolaligimda ota-onam menga va opa-singillarimga atrof-muhitni sevishni va uni saqlashni oʻrgatishdi. Yozda biz koʻpincha oʻrmon va sohil boʻylarini oʻrganish, atrof-muhit bilan tanishish uchun Kosta-Rikaga borardik. Biz koʻngilli sifatida toshbaqa pitomniklarida, sohilboʻyi axlatlarini tozalashda, kichik toshbaqalarni okeanga quyib yuborishda qatnashdik. Men suv sportini yaxshi koʻraman va sevimli joylarim ifloslanganini koʻrish menga azob beradi. Kelajakda men bir martali plastik idishlardan foydalanish uslubimizni oʻzgartirish va yosh avlodga atrof-muhitni qanday asrash kerakligini oʻrgatmoqchiman", deydi Teo Kuini.

Shahnoza Toʻramuratova

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?