YEXHTning DIIHB Missiyasi mamlakatda media-muhitning yaxshilanganligini qayd etmoqda

18:53 25 Oktyabr 2021 Siyosat
769 0

YEXHT/DIIHB missiyasi saylov kuzatuvlari yakuni boʻyicha eʼlon qilingan dastlabki hisobotida ana shunday bahoni qayd etdi.

Kuzatuvchilarning fikricha, Oʻzbekistondagi media-muhit koʻp sonli davlat va xususiy OAV bilan tavsiflanadi. Media-muhitning yaxshilangani, soʻnggi yillarda axborotdan foydalanish va mamlakatda sodir boʻlgan voqealarni tanqidiy yoritish imkoniyati kengaytirilgani qayd qilindi.

Hokimiyat organlari, oʻz axborot xizmatlarini rivojlantirish orqali tizimli ravishda OAV bilan oʻzaro hamkorlikni takomillashtirayotgani, muntazam ravishda matbuot anjumanlari, brifinglar va boshqa axborotga oid tadbirlarni oʻtkazayotgani aytib oʻtildi.

Oʻzbekistonda soʻz erkinligini taʼminlash borasida tub oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bugungi kunda OAV xalq ovoziga va toʻrtinchi hokimiyatga aylandi. Axborotdan foydalanish imkoniyati ortgan, ayrim ijtimoiy va siyosiy masalalarni tanqidiy nuqtayi nazardan yoritish imkoniyati paydo boʻldi.Tanqidiy materiallar eʼtiborsiz qolmayapti, davlat organlari ularni tahlil qilib, xalq bilan muloqotga kirishmoqda.

Markaziy saylov komissiyasining raisi Zayniddin Nizamxodjayev taʼkidlaganidek, “saylovlarning adolatli va oshkora oʻtishida nafaqat Markaziy saylov komissiyasining, balki jurnalist va blogerlar ham muhim rol oʻynaydi”. Aynan ular jamoatchilikka boʻlib oʻtayotgan voqealar haqidagi ishonchli va oshkora axborotni yetkazib beradi.

Shu munosabat bilan MSK OAV bilan yaqin hamkorlikni oʻrnatdi.

“Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo», “Yangi Oʻzbekiston” va»Pravda Vostoka», “Hurriyat” gazetalari, “Human.uz”, “Qalampir.uz”, “Bugun.uz”, “Nova24.uz” kabi internet nashrlari, “Bright Uzbekistan” axborot portali bilan ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.

Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida muntazam ravishda OAV vakillarining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadda treninglar oʻtkazildi.

Umuman, bugungi kunda Oʻzbekistonda soʻz erkinligini roʻyobga chiqarish maqsadida keng imkoniyatlar yaratilgan va yaratilmoqda.

Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezident saylovlarini jami 1672 OAV vakili, shu jumladan 140 dan ziyod xorijiy OAV vakillari kuzatishdi.

Eslatib oʻtamiz, MSKning taklifiga binoan, YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament assambleyasi va Yevropa parlamentining qoʻshma Missiyasi ilk marotaba yurtimizdagi prezident saylovini kuzatmoqda.

Irlandiyalik diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi YEXHT DIIHB kuzatuvchilari joriy yilning 15-sentyabridan buyon saylovlarni kuzatishmoqda. Missiya 17 nafar kishidan iborat asosiy guruh, 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar hamda YEXHT ga aʼzo 26 mamlakatdan tashrif buyurgan 207 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatishdi. Shu bilan birga, prezident saylovini kuzatish uchun YEXHT\DIIHB rahbariyati, xususan, YEXHT\DIIHB direktori Matteo Mekachchi ham ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 27 mamlakatdan 98 nafarga yaqin deputat-kuzatuvchilardan iborat YEXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi va YEXHT PA Prezidenti Margareta Sederfelt va Bosh kotibi Roberto Montella ham ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga, 12 nafar deputatdan iborat Yevropa parlamenti kuzatuvchilari ham YEXHT\DIIHB missiyasiga qoʻshildi. Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan saylovlarni kuzatish uchun 44 mamlakatdan jami 365 ta kuzatuvchi tashrif buyurgan.

Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida YEXHT delegatsiyasining ilk marotaba qatnashishi Tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning eʼtirof etilishi va qoʻllab-quvvatlashidan dalolatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?