YEXHT\DIIHB saylov komissiyalari aʼzolarining malakasi oshganini qayd etdi

18:46 25 Oktyabr 2021 Siyosat
389 0

YEXHT\DIIHB Missiyasining Prezident saylovini kuzatish natijalari boʻyicha taqdim etgan dastlabki hisobotida ana shu xulosa bildirildi. Byuro vakillarining fikricha, saylov komissiyalari aʼzolarining malakasi oshgan.

YEXHT\DIIHB Missiyasining qayd etishicha, joriy yilning may oyidan avgustiga qadar, saylov komissiyalari aʼzolari uchun onlayn va oflayn formatda qator treninglar oʻtkazilgan. Ayni damda, treninglar formati, davomiyligi va jadvali sezilarli darajada farq qilgan, bu saylov komissiyalari aʼzolarining professional koʻnikmalarini oshirishga xizmat qilgan.

Prezident saylovi davlat va xalq hayotidagi muhim siyosiy voqea ekanini hisobga olib, barcha darajadagi saylov komissiyalari zimmasiga katta masʼuliyat yuklandi.

Shu munosabat bilan MSK saylov komissiyalari aʼzolarining  bilimini saylov qonunchiligi va xalqaro standartlarga muvofiq,  tizimli asosda shakllantirishni oʻz oldiga muhim vazifa qilib belgiladi.

MSK tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish dasturi tasdiqlandi. Unga koʻra, barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari uchun seminar-treninglar, oʻquv mashgʻulotlari, anjumanlari va davra suhbatlari  oʻtkazildi.

Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkillashtirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga muvofiq, saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va saylovlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha uslubiy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan uch bosqichli seminar-treninglar tashkil etildi.

Shuningdek, saylov komissiyalari aʼzolari uchun YEXHT, BMT Taraqqiyot dasturi, Demokratiya va huquq instituti ekspertlari ishtirokida treninglar ham oʻtkazildi.

Treninglarda okrug saylov komissiyalari raislari, ularning oʻrinbosarlari, kotiblar va aʼzolari ishtirok etishdi.

Seminarlar Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilari tarkibidan tashkil topgan  ekspert guruhi tomonidan  ishlab chiqilgan oʻquv dasturi va oʻquv-uslubiy materiallar asosida oʻtkazildi.

Boʻlib oʻtgan saylov kampaniyasining oʻziga xos jihati shundaki, okrug saylov komissiyalari tarkibida keksa avlod vakillarining ishtiroki boʻldi. Ularning soni oldingidan ancha koʻp boʻldi: 31 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 9% ni tashkil etgan boʻlsa, 41 yoshgacha boʻlgan saylovchilar soni 28% ni tashkil etdi.

Eslatib oʻtamiz, MSKning taklifiga binoan, YEXHT DIIHB, YEXHT Parlament  assambleyasi va Yevropa parlamentining qoʻshma  Missiyasi ilk marotaba yurtimizdagi prezident saylovini kuzatmoqda.

Irlandiyalik  diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi YEXHT DIIHB kuzatuvchilari joriy yilning 15-sentyabridan buyon saylovlarni kuzatishmoqda. Missiya 17 nafar kishidan iborat  asosiy guruh, 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar hamda YEXHT ga aʼzo 26 mamlakatdan tashrif buyurgan 207 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi saylov kuni ovoz berish jarayonini kuzatishdi. Shu bilan birga, prezident saylovini kuzatish uchun  YEXHT\DIIHB rahbariyati, xususan, YEXHT\DIIHB direktori Matteo Mekachchi ham ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 27 mamlakatdan 98 nafarga yaqin deputat-kuzatuvchilardan iborat YEXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasi va YEXHT PA Prezidenti Margareta Sederfelt va Bosh kotibi Roberto Montella ham ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Shu bilan birga 12 nafar deputatdan iborat Yevropa parlamenti kuzatuvchilari ham YEXHT\DIIHB missiyasiga qoʻshildi. Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan saylovlarni kuzatish uchun 44 mamlakatdan jami 365 ta kuzatuvchi tashrif buyurgan.

Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida YEXHT delegatsiyasining ilk marotaba qatnashishi  Tashkilot tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning eʼtirof etilishi va qoʻllab-quvvatlashidan dalolatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?