YEXHT yangi bosh kotibi Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

19:12 10 Sentyabr 2021 Siyosat
279 0

Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchilik qilayotgan parlamentimiz delegatsiyasi Vena shahrida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti hamkorligida tashkil etilgan Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining 13-sammiti hamda Parlamentlar rahbarlari 5-butunjahon konferensiyasida qatnashayotgani va ular doirasida bir qator uchrashuvlar oʻtkazilayotganidan xabaringiz bor.

Kecha delegatsiyamiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bosh kotibi Xelga Shmid bilan uchrashdi.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston hamda YEXHT oʻrtasida gender tenglik masalasini ilgari surish va yoshlar rolini oshirish borasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, shuningdek, tashkilot bosh kotibining Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi atroflicha muhokama qilindi.

Xelga Shmid ikki tomonlama jadal rivojlanayotgan hamkorlik aloqalarimizga yuqori baho berdi. Jumladan, u Oʻzbekiston rahbariyatining xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida olib borayotgan ochiq va puxta siyosati tufayli soʻnggi yillarda katta muvaffaqiyatlarga erishilayotganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, X. Shmid YEXHTning Oʻzbekiston bilan gender tenglik masalalarini ilgari surish hamda yoshlarning rolini oshirish borasidagi hamkorligini yanada chuqurlashtirish masalasiga toʻxtalib oʻtdi. Xususan, bosh kotib Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Ayni chogʻda u yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish masalalaridagi hamkorlikni yanada jadallashtirishga chaqirdi.

Uchrashuvda tomonlar BMT Global aksilterrorchilik strategiyasini Markaziy Osiyoda birgalikda amalga oshirishning 10 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun YEXHT bosh kotibining shu yil noyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi.

Mazkur tashrif davomida Xelga Shmidning Oʻzbekiston rasmiylari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazishi ham rejalashtirgan.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?