YEXHT Parlament Assambleyasi Oʻzbekistonga ilk bor oʻz kuzatuvchilarini yuboradi

YEXHT Parlament Assambleyasi mamlakatimizda shu yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarni kuzatish uchun ilk bor kuzatuvchilarini yuborishga qaror qildi. Bu haqda uning saytida rasmiy xabar berildi. Mehmonlar ushbu tashkilotga aʼzo-davlatlar parlamentlari vakillaridan tashkil topgan.
Xususan, YEXHT PA delegatsiyasi tarkibida Daniya, Shvetsiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Estoniya, Latviya kabi 25 ta aʼzo mamlakatdan 50 dan ziyod kuzatuvchilar tashrif buyuradi. Ularga YEXHT PA vitse-prezidenti boʻlgan norvegiyalik Kari Xenriksen boshchilik qiladi.
Rasmiy bayonotda vakillik delegatsiyasini yuborish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekistonda keng miqyosli islohotlar boshlangani, jumladan, saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangani munosabati bilan qabul qilingani aytilgan.
Qayd etish joiz, YEXHT Parlament Assambleyasi 1993-yildan buyon turli mamlakatlarda kuzatuvlarni amalga oshirib kelyapti. Shu paytgacha Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Fransiya kabi 30 dan ziyod aʼzo-davlatlarda ana shunday missiyalar bajarilgani buning tasdigʻidir. Uning xulosalari Oʻzbekiston uchun tanlangan qonunchilik va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Binobarin, soʻnggi uch yilda respublikamiz bilan YEXHT PA oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli ravishda faollashdi. 2017-yildan buyon Oʻzbekiston delegasiyasi Assambleya sessiyalarida muntazam qatnashib kelmoqda. Bundan ikki yil ilgari YEXHT PA raisi Kristin Muttonen, 2018-yilda yangi rais Georgiy Sereteli va bosh kotib Roberto Montella rasmiy tashrif bilan yurtimizga kelgan edi.
2018-yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumida qatnashgan Georgiy Sereteli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligi, sud tizimi mustaqilligini taʼminlash sohasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarga yuksak baho bergandi.
Aytish joizki, YEXHT DIIHB toʻlaqonli missiyasi shu yil 26-noyabrdan boshlab Oʻzbekistondagi saylov jarayonlarini kuzatib boryapti.
Yaqinda uning 25-noyabrdan 10-dekabrgacha boʻlgan davrni qamrab olgan oraliq hisoboti eʼlon qilindi. Unda saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish borasida sezilarli oʻsishga erishilgani eʼtirof etilib, hukumatning jamoatchilik va davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Umuman olganda, ushbu muhim siyosiy voqeaga tayyorgarlik koʻrish ishlariga ijobiy baho berildi.
Buning mantiqiy davomi sifatida YEXHTga aʼzo 30 ta davlatdan 224 qisqa muddatli kuzatuvchi kelishi kutilmoqda. Ular Georgiy Sereteli koordinatorligi va rahbarligi ostida bevosita hududlarda saylovlarni kuzatib borishadi.
Xorijlik ekspertlarning fikricha, YEXHTning ikkita (DIIHB va PA) missiya yuborish toʻgʻrisidagi qarori Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar tan olinayotganini tasdiqlaydi. Qolaversa, mamlakatdagi yangilanishlarga parlament taʼsirini kuchaytirishda muhim rol oʻynaydigan saylov jarayoniga nisbatan koʻrsatilgan yuksak ishonch namunasidir.
Saidjon MAXSUMOV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring