YEXHT Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi islohotlarni yuksak baholadi

18:44 29 Iyul 2021 Siyosat
387 0

Oʻzbekistonning YEXHTdagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev Shvetsiyaning YEXHTdagi bagʻrikenglik va kamsitmaslik boʻyicha vakillari Endryu Beyker, Mehmet Pachaji va Regina Polak bilan videokonferensiya shaklida muloqot oʻtkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuv davomida diniy bagʻrikenglikni taʼminlash va kamsitishlarga qarshi kurashda YEXHT bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, YEXHT vakillari ishtirokida istiqbolda Oʻzbekistonda qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish xususida ham oʻzaro fikr almashildi.

Uchrashuv doirasida soʻnggi yillarda mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, konfessiyalararo muloqotni kengaytirish, diniy erkinlikni taʼminlash, shuningdek, eʼtiqod qiluvchilar huquqlarini himoya qilish va ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik sohalarida amalga oshirilgan muhim islohotlar va qabul qilingan chora–tadbirlar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Xususan, ishtirokchilar yaqinda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirildi.

Oʻzbekistonning dinlararo, madaniyatlararo, konfessiyalararo hamjihatlikni taʼminlash va kamsitishga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro tashabbuslari alohida qayd etildi. Shvetsiya maxsus vakillari BMTning Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2018-yil 12-dekabr kuni qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi ahamiyatini eʼtirof etdi.

YEXHT vakillari Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda inson huquqlari va erkinliklarini, soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash, shuningdek, Gender tenglikka erishish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muzokaralar chogʻida YEXHT tomonidan Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va kamsitilmaslikni taʼminlash hamda Shvetsiyaning YEXHTga raisligidagi maxsus vakillari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Shvetsiyaning YEXHT raisligidagi tolerantlik va kamsitmaslik boʻyicha maxsus vakillari Oʻzbekistonda bagʻrikenglikni taʼminlash va kamsitishga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida joriy yil kuz faslida Oʻzbekistonga kelish niyatlarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?