YEXHT DIIHBning saylovni kuzatish missiyasining asosiy guruh vakillari bilan uchrashuv

20:17 08 Iyun 2023 Siyosat
578 0

Markaziy saylov komissiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB)ning muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish boʻyicha missiyasining asosiy guruh vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda MSK Raisi Z. Nizomxoʻjayev missiya rahbari, elchi Ursula Yuzefa Gachek, uning oʻrinbosari Aliksiy Lichkovax hamda missiya ekspertlari Anna Melikyan va Masha Yanushevich bilan muloqot olib bordi.

Uchrashuv chogʻida shu kunlarda muddatidan ilgari Prezident saylovi kampaniyasi tobora qizgʻin pallaga kirib borayotgani, bu masʼuliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotgani taʼkidlandi.

Xususan, muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha Kalendar rejasiga muvofiq saylovni oʻtkazuvchi 14 ta okrug va 10 ming 783 ta uchastka saylov komissiyalari shakllantirilib, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va tezkor axborot markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunga qadar 229 nafar ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda boshqa qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar, eng avvalo, saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani xususida aytildi.

Uchrashuvda YEXHT DIIHBning Oʻzbekistonda oʻtkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining xulosalari boʻyicha hisobotlaridagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻz navbatida, missiya rahbari, elchi Ursula Yuzefa Gachek DIIHB missiyasining asosiy guruh vakillari tajribali ekspertlardan, shu jumladan, siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, DIIHB xodimlari va maslahatchilaridan iborat boʻlishini qayd etdi. Ayni chogʻda, asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qoʻshilishi hamda YEXHT DIIHB oʻrtasida samarali hamkorlikning mustahkamlanib borilayotganidan mamnunligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер