YEXHT DIIHBning Saylovni kuzatish missiyasi vakillaridan 12 nafariga xalqaro kuzatuvchi mandatlari topshirildi

23:05 15 Sentyabr 2021 Siyosat
668 0

Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB)ning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Saylovni kuzatish missiyasi (SKM) rahbari Ouen Merfi boshchiligidagi missiyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizomxoʻjayev YEXHT DIIHB bilan hamkorlik samarali rivojlanib borayotgani hamda oʻzining ijobiy natijalarini berayotganini taʼkidlab, xalqaro kuzatuvchilarga joriy yil boʻlib oʻtadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil maʼlumot berdi.

Missiya vakillari Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish hamda qoʻshimchalarning mazmun-mohiyati, ularning saylovlarni demokratik asoslarda tashkil etishdagi roli bilan tanishtirildi.

Qayd etish joiz, oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston YEXHT DIIHB missiyasining saylovlarni kuzatish borasidagi bir qator tavsiyalarini amalga oshirdi. Bugungi kunga kelib YEXHT DIIHB tomonidan 2019-yilgi hisobotida taqdim etilgan 32 tavsiyaning 18 tasi toʻla qabul qilindi, 3 tasi qisman qabul qilindi, 8 tasi koʻrib chiqilmoqda.

Oʻz navbatida, SKM rahbari O. Merfi oʻz soʻzida missiyaning asosiy vazifalari, ishlash metodologiyasi, missiya tarkibi haqida maʼlumotlar berdi.

Taʼkidlash lozimki, Byuroning saylovni kuzatish boʻyicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.

Oʻzbekistonga kelishi rejalashtirilgan uzoq muddatli kuzatuvchilarning faoliyati DIIHBga mintaqalardagi kuzatuv natijalarini inobatga olgan holda saylov jarayoni haqida toʻlaligicha hisobot tuzish imkonini beradi.

Qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, shuningdek, oʻz xulosalari haqida aniq hamda toʻlaligicha missiyaning bosh qarorgohiga xabar berishdan iboratdir.

Uchrashuv soʻngida YEXHT DIIHBning SKM vakillaridan 12 nafariga xalqaro kuzatuvchi mandatlari topshirildi.

Rahim ShERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер