Ehtiyojmand oilalar daromadga yoʻnaltirilmoqda

13:04 29 Noyabr 2021 Jamiyat
335 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Andijon viloyatida aholining kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar bandligini taʼminlash, shu orqali kambagʻallikka barham berish borasidagi xayrli ishlarda lider tadbirkorlar ham munosib ulush qoʻshmoqda.

– Tumanimizdagi doimiy daromadga ega boʻlmagan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida loyiha ishlab chiqdik,– deydi Shahrixon tumanidagi “Vodiy invest ziynati” MCHJ rahbari Anvarbek Hoshimov. – Buning uchun har bir oilaga 200 boshdan 500 boshgacha boʻlgan 10 kunlik joʻjalarni yetkazib berdik. Ularni parvarishlash uchun minikomleks va ozuqasi ham korxonamiz tomonidan taʼminlandi. Oila sohiblari 28-30 kun mobaynida parrandani amaldagi tartiblar asosida parvarishlab bersa, boʻlgani! Ularni oʻzimiz sotib olib, qayta ishlash jarayoniga yoʻnaltiramiz. Buning uchun har bir oilaga oʻrtacha 2-3 million soʻmdan pul toʻlaymiz.

“Oq oltin” MFYdan tanlab olingan 107 xonadonda istiqomat qiluvchi oila aʼzolari bugun ana shu imkoniyatdan unumli foydalanishyapti. Uydan chiqmay, farzandlar tarbiyasi va roʻzgʻor ishlaridan ajralmagan holda, yoʻl kira, shuningdek, tushlik uchun pul sarflamay har oyda 2 million soʻmdan ortiq daromad topish uzoq yillar davomida doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan, hukumatimiz tomonidan beriladigan moddiy yordamga umidvor boʻlib qolgan oilalar uchun katta imkoniyat ekanligi amalda oʻz ifodasini topmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?