Egasi bor mulkning ertasi bor

16:46 11 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
222 0

Zero, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqartirilishi, sogʻlom raqobat muhiti yaratilishi, ishlab chiqarishda kreativ gʻoyalar, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etgan holda yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar, eksport hajmi oshishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ayni maqsadlarni koʻzlash bilan birga davlat ishtirokidagi korxonalarda isteʼmolchiga yoʻnaltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yana-da yaxshilash orqali iqtisodiyot barqarorligini taʼminlaydi.

Mazkur farmon orqali xususiy sektorga sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati tasdiqlanib, avvalgi tartibdan farqli oʻlaroq, davlat aktivlarini sotib oluvchilar qisman toʻlovni amalga oshirganlarida toʻliq toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining toʻlangan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividend olish huquqi asosida “tasarruf etish huquqisiz” egalik sertifikati berilishi belgilandi.

Boshqacharoq aytsak, davlat ulushlarini xususiylashtirish borasidagi mexanizm soddalashtirilib, koʻchmas mulklarni sotib olish istagidagi tadbirkorlarga qulay imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Bu esa bugun ishlamayotgan va raqobatdan chetda qolgan davlat ulushi mavjud korxonalarni tezroq sotish, ularning oʻrnida bozor talablariga mos ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish imkonini beradi.

— Taʼkidlash joizki, ushbu meʼyoriy hujjat asosida transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari, korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar, xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari, davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻligʻicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar roʻyxati tasdiqlandi, — deydi Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Sherzod Jumayev. — Farmon bilan tasdiqlangan transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xoʻjalik birlashmalari roʻyxatiga «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (davlat ulushi 100 foiz), «Navoiyazot» AJ (davlat ulushi 100 foiz), “Qizilqumgeologiya” DUK (davlat ulushi 100 foiz), xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali ommaviy savdolarda toʻliqligicha davlat aksiya paketlari (ulushlari) sotiladigan korxonalar roʻyxatiga “Qizilqumsement” AJ (davlat ulushi 86,9 foiz) kiritilgan. Davlat aksiya paketlari (ulushlari) toʻliqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar esa viloyatda 11 ta — «Ortomedfarmservis» MCHJ (davlat ulushi 86,9 foiz), «Janubsanoatmontaj» AJ (davlat ulushi 20,7 foiz), «Polipropilen quvurlar» MCHJ (davlat ulushi 100 foiz), “Bentonite” MCHJ (davlat ulushi 100 foiz), “Uz-kor silicon” MCHJ (davlat ulushi 24,5 foiz), «Elektrokimyozavod qoʻshma korxonasi» AJ (davlat ulushi 4,7 foiz), «Granit geo injiniring» MCHJ (davlat ulushi 5,2 foiz), “Uzkor lighting” MCHJ (davlat ulushi 100 foiz), “Navoiy viloyati sharob savdo” MCHJ (davlat ulushi 100 foiz), “Zarafshon sharob savdo” MCHJ (davlat ulushi 100 foiz)dir.

Taʼkidlash joiz, aholi va tadbirkorlarga batafsil maʼlumot beradigan “Korxonalarni sogʻlomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari” koʻzda tutilgan boʻlib, Navoiy viloyatida bunday markaz oʻz faoliyatini boshladi. Shuningdek, xususiylashtirish va joylarda tegishli qoʻllanmalar chop etish va tarqatish masalalari boʻyicha «Koll-markaz» faoliyatini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu esa zarur metodik qoʻllanmalar tayyorlanib, joylarga yetkazilishida muhim oʻrin tutmoqda.

Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?