“E-huquqshunos” – yuridik xizmat koʻrsatishda zamonaviy qulaylik

15:18 07 Iyul 2022 Jamiyat
13292 0

Foto: Xalq so‘zi

Prezidentimizning shu yil 18-martdagi “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan davlat organlari va tashkilotlarining quyi boʻlinmalarini qamrab olish rejalashtirilgan. Tumanlardagi mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi, turizm va madaniy meros, sportni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar, davlat soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablari, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, davlat koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalari shular jumlasidandir. Bunda umumtaʼlim maktablari, MTT hamda koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarni elektron tizimiga ulash va xizmat koʻrsatish bepul amalga oshiriladi.

Andijon viloyati shahar va tumanlarida Adliya vazirligi ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilayotgan oʻquv-seminarlari ayni shu mavzuga bagʻishlangan. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash tuman/shahar boʻlimi, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, soliq inspeksiyasi, maktablar maktabgacha taʼlim tashkilotlari, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari masʼullari ishtirok etayotgan ushbu seminarlarda davlatimiz rahbarining yuqorida keltirilgan qarori mazmun-mohiyati hamda “E-huquqshunos” elektron tizimidan foydalanish shartlari atroflicha tushuntirilmoqda.

Andijon shahrida boʻlib oʻtgan tadbirda taʼkidlanganidek, barcha tuman va shaharlarda yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etilishi murakkab huquqiy muammolarni kollegial tarzda hal qilish, tezkor va sifatli huquqiy xizmat koʻrsatish imkoniyatini yaratdi. Tashkilot yuristlarini ish faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish holatlariga barham berildi. Qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishning yangi boʻgʻini ishga tushdi. Umuman olganda, yuridik xizmati mavjud boʻlmagan tuman (shahar) darajasidagi davlat tashkilotlarining faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash hamda qogʻozbozlik va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish sohasida salmoqli oʻzgarishlarga erishilmoqda.

Seminarda davlat tashkilotlarida yuridik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq maʼlumot va jarayonlarni elektron ravishda yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish imkonini beruvchi “Ye-huquqshunos” elektron tizimining qulayliklari, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻz vaqtida samarali himoya qilinishi, qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy, har tomonlama puxta va sifatli boʻlishini taʼminlash kabi masalalarga ham alohida urgʻu berildi.

Tadbir doirasida eksperiment tartibida bittadan maktab hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti tanlab olinib, ishtirokchilar ushbu muassasalarda “E-huquqshunos” elektron tizimida ishlash amaliyoti bilan yaqindan tanishtirildi.

Umidjon MAMARASULOV, Jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер