Dzyudo: Sardor Nurillayev Osiyo chempioni, Diyorada kumush, yana uch nafar sportchimiz bronza medali sohibasi!

11:11 07 Aprel 2021 Sport
417 0

Qirgʻizistonning Bishkek shahrida dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo-Okeaniya chempionati davom etmoqda.

Kecha boʻlib oʻtgan bahslarda hamyurtimiz Sardor Nurillayev muvaffaqiyati ishtirok etdi. -66 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan dzyudochimiz oltin medal uchun kechgan bellashuvda Janubiy koreyalik An Ba Ulga qarshi tatamiga chiqdi. Murosasiz bahsda Nurullayev Toshkent “Katta Dubulgʻa” turnirining oltin medali sohibi boʻlgan koreyalik sportchini ippon (ikkita vazari) bahosi evaziga magʻlubiyatga uchratdi va Osiyo chempioniga aylandi.

Finalgacha yetib borgan yana bir vakilimiz, ayollar oʻrtasida -52 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Diyora Keldiyorova esa kumush medal bilan kifoyalanadigan boʻldi. Hal qiluvchi final uchrashuvida Diyora XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarining kumush medali sovrindori, Janubiy Koreya vakili Park Da Sol bilan bellashdi. Afsuski, hamyurtimiz bitta vazari bahosi evaziga raqibasiga imkoniyatni boy berib qoʻydi.

Ayollar oʻrtasida xuddi shu vaznda tatamiga chiqqan yana bir hamyurtimiz Sita Qadambayeva esa bronza medali sohibasiga aylandi. U medal uchun kechgan bellashuvda tailandlik Kachakorn Varasixani ippon bahosi evaziga magʻlubiyatga uchratdi.

-48 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Gulnur Muratbayeva ham terma jamoamiz hisobiga bronza medalini qoʻshib qoʻydi. Bu yoʻlda Gulnur tojikistonlik Shukrona Karchiyeva ustidan ippon bahosi evaziga magʻlub etdi.

-57 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Nilufar Yermaganbetova ham bronza medaliga sazovor boʻldi. U turkmanistonlik Goʻzal Navroʻzovani ippon bahosi evaziga taslim qildi.

Osiyo-Okeaniya chempionati dastlabki kungi bellashuvlarining kechki dasturida tatamiga chiqqan soʻnggi vakilimiz, -60 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Kemran Nurillayev afsuski medalsiz qoldi. U bronza medali uchun kechgan bahsda mezbonlar vakili Kubanichbek Aybek uuluga imkoniyatni boy berdi.

Shu tariqa Osiyo-Okeaniya chempionatining dastlabki kunida hamyurtlarimiz bittadan oltin va kumush hamda uchta bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Biz ushbu muvaffaqiyat bilan dzyudochilarimizni muborakbod etib qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?