Dushanbeda MDH Sammiti boshlandi

12:45 28 Sentyabr 2018 Siyosat
1977 0

Dushanbe shahridagi “Somon” saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining majlisi boshlandi.

Majlisda Oʻzbekiston, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya Prezidentlari, shuningdek, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari va MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi ishtirok etmoqda.

Dastlab MDH davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv oʻtkazdi. Unda Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilinib, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Prezidentimiz jahonda jadal oʻzgarishlar roʻy berayotgan, xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Oʻtgan yil Oʻzbekistonning MDHdagi faoliyatida yangi bosqich boʻldi. Mamlakatimiz Hamdoʻstlikning iqtisodiyot, energetika, fan va innovatsiyalar, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalarni qamrab olgan 10 dan ortiq tarmoq organlariga qoʻshildi.

Oʻzbekiston tashabbuslari MDH mamlakatlari oʻrtasida savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirishning dolzarb va istiqbolli yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbekiston 2020 yilda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisini oʻtkazishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Sammit oʻz ishini davom ettirmoqda. Uning kun tartibidan turli sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning joriy holati va istiqbollariga doir keng koʻlamli masalalar oʻrin olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер