Dunyoga mashhur 19 ta muzey va 21 ta kutubxonani oʻz ichiga olgan AQSHning Smitsonian instituti bilan aloqalar kengaymoqda

10:53 28 Yanvar 2021 Madaniyat
1013 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Smitsonian instituti Xalqaro munosabatlar va global dasturlar departamenti direktori Aviva Rozental bilan uchrashuv oʻtkazdi. 

Mamlakatimizning Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi maʼlumotiga koʻra, muzokaralar davomida 2021-yilda oʻzaro keng va har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha oʻrganib chiqilib, munosabatlarning hozirgi holati tahlil qilindi va istiqbolli yoʻnalishlar belgilab olindi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Smitsonian institutiga 1846-yil 10-avgustda “bilimlarning koʻpayishi va tarqalishi uchun” shiori ostida asos solingan. Muzeylar va tadqiqot markazlari guruhi sifatida tashkil etilgan mazkur dargoh Amerika Qoʻshma Shtatlarida ushbu sohadagi eng yirik muassasa hisoblanadi. 

Hozirgi kunda uning ilmiy, madaniy-maʼrifiy fondi 150 milliontani tashkil qiladi. Mazkur institut oʻz yurtida “millat uyi” deb ham eʼzozlanadi. U AQSHning 45 ta shtatida 200 dan ortiq shoxobchasiga ega boʻlib, yillik byudjeti 1,2 milliard dollarga teng.

Bunday aloqalar rivojlantirilayotgani bejiz emas. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQSHga rasmiy tashrifi doirasida Smitsonian instituti hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida kelishuvga erishilgan edi. 

Shartnoma madaniyat sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, taʼlim, tarix, sanʼat kabi jabhalarda loyihalarni amalga oshirish maqsadida imzolangan.

Binobarin, oʻtgan qariyb uch yillik davr mobaynida bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. BUlar sanʼat, tarixiy joylar, Markaziy Osiyoning moddiy va nomoddiy madaniy merosi sohasidagi tadqiqotlarga taalluqli ekanligi bilan ahamiyatlidir. 

Oʻz navbatida Aviva Rozental boshchiligida Smitsonian instituti delegatsiyasi Oʻzbekistonda mehmon boʻlib, oʻzbek muzeylari faoliyati va infratuzilmasini oʻrgangan. Mahalliy mutaxassislar uchun oʻquv seminarlari tashkil etilib, Xiva shahrida qadimiy obidalarimizni saqlash boʻyicha qoʻshma dasturlar olib borilgan.

Xususan, amerikalik olimlar Davlat sanʼat muzeyi, Davlat amaliy sanʼat muzeyi, Nukusdagi Igor Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi va Oybek Xotira uyi muzeylariga innovatsion gʻoyalarni tatbiq qilish va oʻz faoliyatlarini yana-da samarali tashkil etish borasida qimmatli tavsiyalar berilgan.

Elchixonamizning qoʻshimcha qilishicha, Vashingtonda oʻtkazilgan uchrashuv davomida A.Rozental mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, yurtimizning madaniy boyligini asrash, jahon hamjamiyati bilan birgalikda ulkan merosimizni oʻrganish, muzeyshunoslik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etdi. Uning aytishicha, bular Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirishdagi muhim qadamlardir.

Muzokaralar davomida tomonlar 2021-yilda Smitsonian instituti Osiyo sanʼati milliy muzeyida shoh va shoir Bobur faoliyatiga bagʻishlangan koʻrgazma doirasida oʻzbekistonlik va AQSHlik olimlar bilan birgalikda qoʻshma ilmiy-amaliy simpozium tashkil etish masalasini ham muhokama qilishdi. Yuqorida aytilgan koʻrgazmada Boburiylar davriga tegishli boʻlgan AQSH muzeyida saqlanayotgan 20 dan ziyod noyob artefaktlarni namoyish etish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, mamlakatimizda kelgusida oʻtkaziladigan ilmiy-nazariy konferensiya va seminarlarda Smitsonian institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etish, ikki tomonlama tajriba almashish loyihalarini rivojlantirish hamda qator madaniy sohalarda hamkorlikni takomillashtirish boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?