Dunyo eʼtirof etayotgan Oʻzbekiston

14:54 26 Sentyabr 2020 Siyosat
538 0

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida davlatimiz rahbarining ona tilimizda chiqish qilgani ulkan tarixiy voqea oʻlaroq, har birimizda faxr-iftixor tuygʻusini uygʻotdi.

Xalqimiz gʻururini yuksaltirdi, koʻnglimizni togʻdek koʻtardi. Zero, oʻz zamonlarida Amir Temur, Navoiy, Bobur kabi ulugʻ vatandoshlarimiz soʻzlagan, uning rivoji yoʻlida qaygʻurgan ona tilimiz jahonning eng nufuzli minbaridan jarang sochishi Vatanimizning boy oʻtmishi, buguni va farovon kelajagini ifoda etuvchi muhim voqelikdir.

Shu bois, bu voqea butun xalqimiz, keng jamoatchiligimiz qalbida yuksak aks-sado berdi. Buni biz ijtimoiy tarmoqlarda boʻlayotgan qizgʻin muhokama va chiqishlardan ham koʻrib-bilib turibmiz. Jamoatchilik, ziyolilar bildirayotgan fikrlar va munosabatlar fikrimizga isbotdir.

Oʻzbekiston mustaqil davlat maqomiga ega boʻlgan dastlabki kunlardan xalqaro hamjamiyat bilan teng huquqli, suveren hamkorlik olib borish yoʻlidan bormoqda. Xususan, 1992-yil 2-mart kuni jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida BMTga aʼzo boʻlgan mamlakatimiz oʻzaro koʻp tomonlama sheriklikning ustuvor yoʻnalish­lari boʻyicha ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan aloqalarni rivojlantirib kelmoqda. Keyingi yillarda Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, 2017-yil 19-sentyabrda Prezidentimizning BMTning 72-sessiyasidagi ishtiroki va soʻzlagan nutqi ­Oʻzbekistonning mazkur tuzilma doirasidagi xalqaro tashabbuslarida yangi tendensiyalarni namoyon qildi.

Shu oʻrinda 72-sessiyadan keyingi qisqa davrni tahlil qiladigan boʻlsak, birinchi navbatda, davlatimiz rahbari koʻtargan Afgʻoniston muammosi, ushbu mamlakatda tinchlik, osoyishtalikni taʼminlash va mavjud vaziyatni barqarorlashtirish borasida ijobiy siljishlar koʻzga tashlanayotganligini aytish zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda Toshkent shahrida Afgʻoniston boʻyicha yirik xalqaro anjuman oʻtkazildi. Ushbu xalqaro tadbirdan keyin Afgʻonistonga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgardi. Yaʼni unga xavf-xatar tugʻdiradigan, urush boʻlib oʻtayotgan mamlakat sifatida emas, balki eng yaqin qoʻshni va ishonchli hamkor sifatida qarash anʼanasi shakllana bosh­ladi. Bugungi kunda afgʻon zaminida juda katta loyihalar, dasturlar tatbiq qilinmoqdaki, bu ushbu davlatning iqtisodiyotini tiklash, savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

72-sessiyadagi nutqda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi muammolar, oʻzaro doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlash masalalari ham tilga olingan edi. Yillar davomida chegara, suv taʼminoti, savdo-sotiq yoʻnalishlaridagi ishlarda bir qator muammolar yigʻilib qolgan ediki, davlatimiz rahbari tomonidan ularni bahamjihat hal qilishga qaratilgan Maslahat kengashlarini oʻtkazish tashabbusi ilgari surilgandi. Natijada mintaqamizda mutlaqo yangi muhit shakllandi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik oʻzining tarixiy oʻzanlariga qaytdi, bordi-keldimiz yaxshilandi va xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi.

Uchinchi yoʻnalishdagi masala bu — Orol dengizining qurishi munosabati bilan yuzaga kelgan fojeaning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ilgari surilgan tashabbus. Bugungi kunda bu boradagi saʼy-harakatlar natijasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Trast fondi tashkil etildi. Eng yetakchi mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar koʻmagida mablagʻlar safarbar qilin­yapti. Bu chora-tadbirlar tufayli Orolboʻyi aholisining turmush darajasi tobora yaxshilanmoqda.

Bundan tashqari, Maʼrifat va diniy bagʻrikeng­lik toʻgʻrisidagi BMT rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan edi. 2018-yilda ushbu rezolyutsiya qabul qilindi. Shuni alohida qayd etishimiz lozimki, davlatimiz rahbarining BMTda, yaʼni dunyoning eng yuqori minbarida aytgan deyarli barcha tashabbuslari bugungi kunda toʻliq qoʻllab-quvvatlanib, amaliyotga joriy qilinmoqda.

Oʻzbekistonning insoniyat boshiga ogʻir tashvish solgan bugungi global pandemiya­ga qarshi kurash jarayonida erishayotgan natijalari ham xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda. Darhaqiqat, mamlakatimizda Sovid-19 infeksiyasi qayd etilgan ilk kunlardanoq xavfli yuqumli infeksiya tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofazalash, tibbiyot tizimlarini kuchaytirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlatimiz tomonidan aholini ijtimoiy himoyalash boʻyicha muhim loyihalar hayotga tatbiq etildi.

Global pandemiya nafaqat tibbiy-ijtimoiy sohaga, balki iqtisodiyot va ishlab chiqarish rivojiga ham jiddiy zarar yetkazdi. Shunday vaziyatda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muhim choralar koʻrildi, soliq va boshqa moliyaviy imtiyozlar berildi. Jahon bankining maʼlumotiga koʻra, 2020-yilda yalpi global mahsulot 5,2 foizga tushishi kutilayotgan bir vaziyatda Oʻzbekistonda bu borada 1,5 foiz iqtisodiy oʻsishga erishilishi kutilayotgani mamlakatimizda pandemiya oqibatlarini yumshatish boʻyicha nechogʻli toʻgʻri yoʻl tanlanganining yaqqol ifodasidir. Aynan pandemiya davrida mamlakatimiz qariyb 3 milliard dollarlik imtiyozli kredit hamda grantlarni jalb etdi. Hozirgi kunda ularni oʻzlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Uning yetti yuz millioni ishbilarmon doiralar va banklarni qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. 300 millioni kommunal xoʻjalik harakatining uzluksizligini taʼminlashga yoʻnaltirildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturiga qoʻshimcha 1 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Umuman olganda esa oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion soʻm mablagʻ kafolatlangan ish oʻrinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish lo­yihalariga yoʻnaltiriladi. Albatta, bu chora-tadbirlar bugungi murakkab sharoitda mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy muhit barqarorligini saqlash, aholi turmush farovonligini yaxshilashga zamin yaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh ­Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi ham jahon hamjamiyatining diqqat markazida boʻldi. Prezidentimiz sessiya yalpi majlisida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etdi hamda ­Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Jumladan, konseptual jihatdan mutlaqo yangi 10 dan ortiq tashabbus ilgari surildi.

Muhokamalarning eng asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik salbiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga keng urgʻu berildi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol koʻrsatdi. Xususan, global muammoga har bir davlat oʻz holicha yondashgani, yagona strategiya yoʻqligi namoyon boʻldi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar oʻzaro bogʻliq ekanini, oʻrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhimligini isbotladi. Shu jihatdan Prezidentimiz tomonidan BMT shafeligida pandemiya­lar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Aytish kerakki, ushbu taklif 2020-yil 8-iyulda boʻlib oʻtgan Xalqaro Mehnat Tashkilotining COVID-19 va mehnat masalalariga bagʻishlangan Global sammitida xalqaro jamoatchilik eʼtiboriga ilk bor havola etilgan edi. Davlatimiz rahbarining mazkur taklifining oʻziga xos ahamiyati shundaki, unda avvalo, pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha jahon tajribasiga asoslanib insoniyat uchun bunday tahdidni barcha davlatlarning birgalikdagi faol saʼy-harakatlari va hamkorligi orqali yengish gʻoyasi ilgari suriladi.

Afsuski, pandemiya sababli cheklov choralarini qoʻllash jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirdi. Shu jihatdan qaraganda, taklif etilayotgan tashabbus, birinchi navbatda, pandemiya davrida davlat siyosatining asosiy tamoyillarini aniqlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, pandemiya tufayli davlatlarning turli sohalar, jumladan, inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarini bajarishdagi dolzarb vazifalari yaqqol namoyon boʻldi. Bu muammolarga samarali yechim topish uchun nafaqat barcha davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish, ularning tizimliligini taʼminlash, inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini aniq anglashi ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, mazkur Xalqaro kodeks pandemiya paytida inson huquqlariga rioya etilishini kafolatlash boʻyicha davlatlar tomonidan bajariladigan minimal shartlar va majburiyatlarni belgilashga qaratilgan.

Qolaversa, Xalqaro kodeks barcha sohalarda barqaror rivojlanishga erishish uchun hamma ishtirokchilarning — hukumatlar, biznes, fuqarolik jamiyati institutlarining pandemiyaga qarshi zarur choralarni koʻrishi boʻyicha ixtiyoriy majburiyatlarini jamlashga yoʻnaltiril­gandir.

Shu jihatdan qaraganda, bu juda muhim tashabbusdir. Chunki bunday kodeks, avvalo, har bir mamlakatda aholining ofat qarshisida nochor boʻlib qolgan eng zaif qatlamlarini himoyalash, qolaversa, rivojlanishning quyi bosqichida boʻlgan davlatlarga oʻzaro saʼy-harakatlarni birlashtirgan holda koʻmak berish va umumiy masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Oʻylaymizki, ­Oʻzbekiston Prezidentining ushbu muhim va oʻrinli tashabbusi ham butun jahon ahli tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan yana bir tashabbus — barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilishdan iborat boʻldi. Bu juda muhim, chunki aksariyat davlatlarda qonun chiqaruvchi organlar aʼzolari BRMga erishishni qoʻllab-quvvatlash hamda monitoring qilishda Konstitutsiya bilan koʻzda tutilgan imkoniyat va vakolatlarga ega. Milliy parlamentlarning qonunlarni qabul qilish va byudjetlarni tasdiqlash bilan bogʻliq muhim roli BRM borasida mamlakatlar tomonidan olingan majburiyatlar samarali bajarilishiga xizmat qiladi.

Shu jihatdan, Oliy Majlis palatalari ham keyingi yillarda qator vakolatlarga ega boʻldi. Xususan, shu yilda tashkil etilgan parlament komissiyasi tomonidan ushbu imkoniyatlardan samarali foydalangan holda Barqaror rivojlanish milliy maqsadlarining ham umumdavlat, ham viloyat va tumanlar kesimida bajarilishi ustidan nazorat olib borilmoqda. Bu borada komissiya ishiga mahalliy kengashlar deputatlari, keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAVlar keng jalb etilmoqda.

Oʻylaymizki, Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, BMT Bosh Assambleyasining barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi katta maʼnaviy va siyosiy taʼsirga ega boʻlib, bu yoʻnalishda jahon miqyosida olib borilayotgan ishlarni yana-da jadallashtirish hamda unga yangicha surʼat bagʻishlashda ayni muddaodir.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida global xavfsizlikni taʼminlash masalalariga ham alohida toʻxtaldi. Jumladan, ­Oʻzbekiston BMTning Global antiterror strategiyasi doirasidagi mintaqaviy qoʻsh­ma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish tarafdori ekani taʼkidlandi. Shu oʻrinda aytish kerakki, Oʻzbekiston BMTning Global antiterror strategiyasi qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi va oʻtgan davrda terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha 14 ta xalqaro konvensiya va protokolni ratifikatsiya qildi. Uning doirasidagi mintaqaviy qoʻshma reja Markaziy Osiyo mintaqasi uchun terrorizmga qarshi kurash boʻyicha umumiy koʻrsatmalarni belgilaydigan hujjat boʻlib xizmat qiladi. Bu hujjat nimalar qilinishi kerakligi toʻgʻrisida aniq boʻlimlarni oʻz ichiga qamrab olgani, uzoq vaqt davomida terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurash choralari belgilangani, erishiladigan umumiy maqsadlarni belgilab bergani hamda u hukumatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan mavjud takliflar asosida ishlab chiqilgan tashabbuslarni amalga oshirishda yuzaga keladigan mavjud boʻshliqlar va muammolarni baholash imkonini berishi bilan ham katta ahamiyatga ega. Shu jihatdan mazkur xalqaro konferensiyani oʻtkazish oʻtgan davr mobaynida erishilgan natijalarni sarhisob qilish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olishda katta ahamiyatga ega.

BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish — bu davlatimiz rahbari dunyoning eng nufuzli minbarida soʻzlagan nutqida urgʻu bergan yana bir tashabbusdir.

BMT huzurida Afgʻoniston boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etilsa, bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotini taʼminlash borasidagi jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish hamda afgʻon zaminida kechayotgan tinchlik oʻrnatish jarayonlari qatʼiy nazoratga olinishini taʼminlash imkonini beradi. Bundan nafaqat afgʻon xalqining oʻzi, balki biz kabi qoʻshni mamlakatlar ham, butun dunyo davlatlari ham naf koʻradi.

Prezidentimiz oʻz maʼruzasida dunyo miqyosida dolzarb boʻlib turgan muammolardan biri — global iqlim oʻzgarish­lariga alohida toʻxtaldi. Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari bunday oʻzgarishlarning Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham xavf solayotganiga bir misol boʻla oladi. Shu oʻrinda aytishni istardimki, Oʻzbekiston ushbu ekologik fojeani bartaraf etish uchun barcha imkoniyat va resurslarni safarbar etmoqda. Jumladan, soʻnggi bir necha yil davomida Orolboʻyi hududida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Dengizning qurib qolgan hududida umumiy maydoni ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. 2018-2021-yillarda Orolboʻyi hududini rivojlantirish boʻyicha davlat dasturi qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari BMTning Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash xalqaro kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidladi. Bu bizga nima beradi? Avvalo, Orolboʻyi mintaqasi ekologiyasini va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan birgalikdagi choralarni amalga oshirishga investitsiyalar jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga erishiladi. Bunda, ayniqsa, ekologik sof texnologiyalarni joriy etish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amaliyotga kompleks tatbiq etish mumkin boʻladi. Qolaversa, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini Orolboʻyi hududi uchun yumshatish, energiya va suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanish va ekoturizmni rivojlantirish ham taʼmin­lanadi.

Yana bir muhim tashabbus — BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi, shubhasiz. Zero, global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyalashuv masalasi nafaqat dengiz yoʻllaridan olisda joylashgan mintaqamiz, balki taraqqiyotning turli bosqichlarida turgan har bir davlat uchun muhim. Qolaversa, Markaziy Osiyoning tabiiy-geografik joylashuvi va salohiyati mintaqamizga Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi transport koʻprigiga aylanish imkonini beradi. Shu maʼnoda bizga qoʻshni barcha davlatlar mavjud tranzit-transport yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirishdan manfaatdor. Ushbu muhim strategik vazifaning hal qilinishi Markaziy Osiyo mamlakatlari qatorida boshqa hududlarning ham jadal rivoj­lanishini taʼminlaydi.

Davlatimiz rahbari BMT minbaridan ona tilimizda qilgan chiqishida mintaqamizning koʻhna va boy madaniy merosini targʻib qilishga ham alohida ahamiyat berdi. Prezidentimiz Oʻzbekistonning “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forumni oʻtkazishga tayyorligini bildirdi. Koʻhna zaminimiz Buyuk ipak yoʻlidagi qulay geografik joylashuvi tufayli xalqaro savdo, madaniy, ilmiy va aql-zakovat almashinuvida muhim boʻgʻin boʻlib xizmat qilgan. Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasidagi muloqot rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan. Biroq Markaziy Osiyo xalqlarining bugungi jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi hali ham toʻliq oʻrganilmagan. Ayniqsa, Oʻzbekistonimizning bebaho madaniy merosini dunyo ahli uchun deyarli ochilmagan xazina sifatida baholash mumkin. Shu jihatdan mazkur xalqaro forum ana shu xazinani dunyoga tanitishda muhim omil boʻladi.

Yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash — bu Prezidentimizning nutqida eʼtibor qaratilgan yana bir dolzarb masala. Davlatimiz rahbari BMT minbaridan turib yana bir bor barcha-barchani BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilish boʻyicha ­Oʻzbekiston tashab­busini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Bugungi kunda bu konvensiya lo­yihasi butun dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida eʼtirof etilyapti. Xususan, yaqindagina oʻtkazilgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumida bu konvensiya boʻyicha ijobiy fikrlar bildirildi. Kezi kelganda aytish joizki, Oʻzbekiston nafaqat ushbu konvensiya lo­yihasini tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, balki yoshlar masalasini bugun davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtardi. Yoshlar ishlari boʻyicha agentlik tashkil etildi, fondlar tuzildi, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bundan tashqari, nutqda gender tenglik masalasi ham koʻtarildi. Shu paytgacha biz uchun gender tenglik masalasi ustuvor emasdek tuyulardi. Lekin mazkur masala tahlil qilinganda, aniq boʻldiki, biz bu borada ancha ortda qolib ketgan ekanmiz. Xotin-qizlarning jamiyatda tutgan oʻrni va nufuzi, ularning boshqaruv idoralaridagi ishtiroki mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekani ayon boʻldi. Shu muammolarni hal qilish maqsadida oxirgi 4 yilda mamlakatimizda 2 ta muhim hujjat — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Shular asosida keng koʻlamli ishlar bajarildi va natijada bugungi kunda opa-singillarimiz davlat boshqaruvi idoralarida samarali faoliyat yuritmoqda. Parlamentda ularning soni ikki barobar oshganidan ham bu boradagi vaziyat ijobiy tomonga oʻzgarganini bilish mumkin.

Odatda bu kabi yuksak minbarlardan turib soʻzlagan notiqlar eng asosiy urgʻu bermoqchi boʻlgan masalani chiqish oxiriga olib qoʻyadilar. Davlatimiz rahbari ham oʻz chiqishi yakunida zamonaviy xatarlardan biri — qashshoqlik va kambagʻallik global muammolarni kuchaytirayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu muammolar, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida yana-da keskin tus olayotgani, tobora tashvishli koʻrinish kasb etayotgan qashshoqlik ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarurligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiya­sining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklif etildi. Shuning oʻziyoq bu muammo Prezidentimizni, umuman, butun xalqimizni qanchalik oʻylantirayotganidan dalolat beradi. Vaholanki, bir necha yil avval bu muammo mavjudligi tan olinmas, kashshoqlik yoki kambagʻallik soʻzlari davlat darajasida hatto tilga olinmas edi. Birgina oʻtgan toʻrt yil mobaynida mamlakatimizda bu yoʻnalishda izchil va koʻlamdor ishlar amalga oshirildiki, buning samarasini hatto pandemiya ham yoʻqqa chiqarolmadi.

Aminmizki, bugun global darajadagi muammoga aylangan kambagʻallikni faqat butun jahon hamjamiyatining birlashgan saʼy-harakatlari evaziga bartaraf etish mumkin. Unga urgʻu berarkan, davlatimiz rahbari xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarurligini yana bir bor uqtirdi. Oʻz navbatida, ­Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyorligi taʼkidlandi. Bu bejiz emas. Zero, har bir davlatning vazifasi oʻz fuqarolariga munosib hayot kechirish imkoniyatini yaratib berishdan iboratdir. Shu maʼnoda, yurtimizdagi keng koʻlamli islohotlar yaqin kelajakda nafaqat oʻzining kutilgan samarasini berishi, balki dunyoning boshqa davlatlari uchun ibrat va namuna boʻlib xizmat qilishiga ­ishonchimiz komil.

Tanzila NORBOYEVA, 

Oliy Majlis Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?