Dunyo boʻyicha koronavirus infeksiyasini yangi yuqtirish holatlari 71 foizga oʻsdi — JSST 

22:02 06 Yanvar 2022 Dunyo
1671 0

Foto: AP

Oxirgi haftada dunyo boʻylab “COVID-19” infeksiyasini yangi yuqtirish holatlari 71 foizga oʻsgan. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxove  maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, bu koʻrsatkich mintaqalarga qarab farqlanadi. “Masalan, Amerikada bu koʻrsatkich 100 foizga oshgan. Afrika mintaqasida esa 7 foizga oʻsgan”, dedi van Kerkxove. 

Mutaxassisning taʼkidlashicha, bu farq dunyoning turli burchaklarida test oʻtkazish tezligi va qamrovidagi farqlarga bogʻliq boʻlishi ham mumkin. Oʻtgan haftada JSST 9,5 million yangi koronavirus infeksiyasi haqida maʼlumot olgan. Ammo bu maʼlumotlar toʻliq holatni aks ettirmaydi va keyingi haftada bu koʻrsatkich yuqoriroq boʻlishi mumkin.

Shu oʻrinda JSST eksperti insoniyatda pandemiyaning oʻtkir bosqichiga chek qoʻyadigan koronavirus tarqalishiga qarshi kurash vositalari borligini eslatgan. Biroq, bu jarayon juda yuqumli boʻlgan «Omikron» shtammining paydo boʻlishi tufayli murakkablashmoqda.

Xususan, 5-yanvar kuni JSST dunyoda kuniga 2 294 039 ta yangi koronavirus infeksiyasi holatini qayd etdi. Bu “COVID-19” pandemiyasi boshlangandan beri kunlik eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. 

Umuman, soʻnggi sakkiz kun ichida kuniga bir milliondan ortiq kasallanganlarning koʻpayishi JSST tomonidan yetti marta qayd etilgan. Oxirgi antirekord joriy yilning 1-yanvarida kuzatilgan boʻlib, oʻshanda 24 soat ichida 1 859 485 ta infeksiya holati aniqlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер