Dunyo bilan boʻylashmoq istagi

09:41 08 May 2021 Jamiyat
636 0

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
Gʻayri tilini saʼy qiling bilgali yoshlar –
Kim ilmu hunarlar rivoji ondin ayondur.

Bu misralarni bundan bir asr ilgari maʼrifatparvar bobomiz Avaz Oʻtar yozgan. Biz bugun oʻta qoloq deb qarashga oʻrganib qolganimiz oʻsha zamonda ham til oʻrganishga taraqqiyotning, dunyo bilan boʻylashishning muhim vositasi sifatida qaralganiga bobomizning ushbu xitobi ham yorqin misol boʻlishi mumkin.

Endi bugungi globallashib, madaniyatlar qorishib, qadriyatlaru milliy oʻzlik tushunchalari orasidagi masofalar tobora qisqarib borayotgan zamonaviy-postmodern dunyoda jahonga integratsiyalashishda til omili muhim va asosiy faktor sifatida yana maydonga chiqdi.

Bugun zamonning oʻzi shunday tenglamani hosil qildiki, unga koʻra, til bilmasang xalqaro biznesda, siyosatda, iqtisodiyotda, ilm-fanda, axborot va kommunikatsiya tarmogʻida senga joy yoʻq. Shafqatsiz va adolatsizday tuyuluvchi ushbu talab, garchi koʻpchilikka oʻngʻaysizlik tugʻdirsa-da, bugun barcha tomonidan tan olingan va deyarli qadriyat darajasiga aylanib borayotgan tamoyildir.

Til masalasi ijtimoiy faktor oʻlaroq, siyosiy-mafkuraviy ahamiyat ham kasb etgan. Hozirgi kunda buni ilgʻash koʻp qiyin emas. Nega desangiz, tilga barcha zamonda millatning madaniyatini, oʻtmishini, ruhiyati va oʻzligini oʻzida aks ettira oladigan eng qimmatli boylik, ilmiy tilda aytganda, eng noyob, maxsus milliy kod sifatida qaralgan va hozir ham shunday.

Zero, bu masalaga oʻta tor nuqtayi nazardan yondashish turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqishi ham bor gap.

Masalan, baʼzi jamiyatlarda mavjud boʻlgan radikal va ultramillatchi qanotlarning “hukmron til”, “gegemon tillar” va goʻyoki ular tashlayotgan koʻlanka ostida milliy tillarning qolib ketayotgani haqidagi baqir-chaqirlariga ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora koʻzingiz tushishi mumkin. Ehtimol, ularning “oh-vohi”da ham jon bordir, balki ular mansub jamiyatlar hukmron siyosiy elitasi masalaga bir tomonlama yondashayotgandir.

Yaʼni jamiyatga jahon tillarini transformatsiya qilish milliy tillarning “piligini pasaytirish” evaziga boʻlayotgandir. Shunday ham boʻlishi mumkin. Albatta, bu yoʻl adolatli emas.

Shu maʼnoda gapirganda, til oʻrganish bugun qanchalik dolzarb ahamiyat kasb etishiga qaramasdan, milliy jamiyatlar oldiga “global taʼsir”lardan himoyalanish masalasini ham koʻndalang qoʻyayotir.

Bu, eng avvalo, etnik xususiyatlar, jumladan, milliy tilni rivojlantirish va parvarishlashni nazarda tutadi.

Mening bu mulohazalarni yozishimga, albatta, sabab bor. Kuni kecha Prezidentimizning jahon tillarini oʻrganishga bagʻishlab oʻtkazgan videoselektor yigʻilishi, oʻylaymanki, mendan boshqalarda ham fikr uygʻotgani yoki qalam tebratishga ilhom bergan boʻlsa, ajab emas. Zotan, xorijiy tillarni oʻrganish masalasi davlat rahbari darajasida qatʼiy aytilishi va kun tartibiga qoʻyilishiga allaqachon vaqt yetilgan edi.

Bu oʻrinda aynan bugun, ilgaridan ham bu masala muhim boʻlmaganmi, deganga oʻxshash iddaolar boʻlishi mumkin. Biroq men ushbu masala juda oʻrnida va obi-tobida kun tartibiga chiqarilganini bir qancha misollar bilan asoslashim mumkin.

Birinchi va eng muhim jihat, Prezident olib borayotgan, yuritayotgan siyosatning nihoyatda nozikligi va puxta oʻylangani bilan bogʻliq. Ochigʻi, koʻpchilik qatori menga ham bu ishlar bundan aytaylik, uch-toʻrt yil ilgari amalga oshirilganda ham boʻlardi, degan qarash begona emas edi. Biroq masalaning va kechayotgan jarayonlarning uzviyligini tahlil qilib, bu ishlarning puxta reja asosida amalga oshirilayotganini angladim. Darhaqiqat, agar bizda toʻrt yil ilgari shu masala koʻtarilganda qanday ahvol boʻlardi, xalqaro jamoatchilik, qolaversa, xalq buni qanday qabul qilardi? Deyarli oʻz holiga tashlab qoʻyilgan taʼlim tizimi, maorif va maʼnaviy-mafkuraviy sohalar, ayniqsa, davlat tilining uyatli ahvoli... Shunday bir holatda jahon tillarini oʻrganishimiz kerak, degan hayajonli chaqiriq qanday aks taʼsir berishi mumkin edi?

Albatta, milliy gʻurur, shaʼn-shavkatni baland tutadigan millatimiz, jamoatchilik, qolaversa, boshqa bizga nekbin qarashda boʻlgan doʻstlarimiz koʻnglida ham avval oʻz tilingni, hech qursa, buyuk Navoiyning tili boʻlgani uchun ham oʻzbek tilining hurmatini joyiga qoʻyish kerak emasmidi, deganga oʻxshash fikr oʻtishi tabiiy edi, nazarimda. Va bu adolatli ham boʻlardi.

Shu nuqtada Prezident Mirziyoyevning jahon tillarini oʻrganishni keng targʻib qilish va uni oʻrganishni joriy etish boʻyicha zarur mexanizmlarni yaratish va ishga tushirishni kun tartibiga qoʻygani yana-da oydinlashadi.

Eʼtibor qiling, Mirziyoyev rahbarligi davrida eng koʻp eʼtibor qaratilgan, jon koyitilgan masala — milliy masala boʻldi. Ayniqsa, til masalasi. Jamiyatda va davlat ishlarida tilimizning mavqeini oshirish, uning dunyodagi yuzlab tillar qatorida hech bir nuqsoni yoʻqligi, balki goʻzal va latofatli ona tilimiz qadimiy va boy ekanini koʻrsatish, uning nufuzini koʻtarishga qaratilgan juda katta ishlar amalga oshirildi. Muhim muvaffaqiyatlarga erishildi ham.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilishi, milliy davlatchiligimiz sahifalariga chin maʼnodagi tarixiy voqea boʻlib kirgan Prezidentimizning BMT minbaridan ilk marotaba oʻzbek tilida nutq soʻzlashi, qolaversa, tilimizni hali tarixda boʻlmagan bosqich — siyosat tili darajasiga koʻtarishga boʻlgan harakat (davlatimiz rahbarining shu yil mamlakatimizga tashrif buyurgan Vengriya Bosh vaziri bilan boʻlgan muzokaralari oʻzbek tilida oʻtkazilgani) milliy davlatchiligimizdagi shonli voqealardir. Qolaversa, maʼmuriy boshqaruv va davlat ishlarida tilimizning ahamiyatini toʻla taʼminlash, maktab va oliy taʼlimda uning nufuzi va oʻrganilishini ragʻbatlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, oʻylaymanki, bu boradagi manfaatlarimizni toʻla taʼmin eta oldi.

Soʻz til oʻrganish haqida ketar ekan, yana bir muhim jihatni ham aytib oʻtmoqchiman. Oʻzbekistonning bugun ochiq davlatga aylanishi mamlakatga koʻplab investorlar, chet el korxona va kompaniyalarini chorlayotganini hammamiz koʻrib turibmiz. Kuzatgan boʻlsangiz, pandemiya boʻlishiga qaramay, koʻchalarimizda xorijlik odamlar xiyla koʻpaygan. Eʼtibor bersangiz, ularning koʻpchiligi nafaqat sayyohlar, balki ish odamlari, tadbirkorlar va tijoratchilar ekanini payqaysiz. Demak, yurtimiz ishbilarmonlik oʻchogʻiga aylanmoqda. Yaqinda bir xorij nashri xalqaro ekspertlardan birining mintaqamiz hayotiga bagʻishlangan tahliliy maqolasini berdi. Unga koʻra, Oʻzbekiston yaqin yillarda mintaqaning moliyaviy va biznes markaziga aylanishi mumkin.

Mayli, bu koʻp mulohazalarga olib keladigan, qolaversa, biz tanlagan mavzudan bir oz uzoqroq gap. Biroq undan chiqarish kerak boʻlgan saboqlar bor. Mamlakatimiz ochiqlikni, barcha xalqaro munosabatlar, shu jumladan, iqtisodiyotda, biznesda erkinlik yoʻlini tutib, marra sari intilayotgan ekan, bizga qiziqish bildiradigan chet el kompaniyalari va ishbilarmonlarning ham safi kengaya borishi tabiiy. Bunday paytda esa farzandlarimizning til bilishi, xorijliklar bilan tengma-teng munosabat olib borishi biz uchun oʻta muhim sanaladi. Qolaversa, til bilish bugun har soniyada rivojlanayotgan yugurik dunyo ilm-fanini vositachi uchinchi tillarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqib-oʻrganish imkonini ham beradi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning ushbu masalani kun tartibiga olib chiqishi, oʻylaymanki, nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega va oʻz vaqtida qilingan ishdir.

Bizda bir ishga qoʻl urishdan oldin oʻtmishga, ota-bobolarimiz tutgan amallarga qarab moʻljal olish odat tusiga kirgan. Bu xayrli ish, albatta. Mazkur masalaga shu jihatdan yondashadigan boʻlsak, hech adashmayotganimiz oydinlashadi. Tarixda oʻchmas iz qoldirgan, insoniyat tamaddunlarining beshigini tebratgan ajdodlarimiz ilm bobida, jumladan, til bilish borasida koʻp va xoʻp qimmatli ishlarni amalga oshirganlari tarixdan maʼlum. Birgina buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lugʻatshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jugʻrofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgani, bobomizning arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” asari arab tili nahvu sarfini oʻrganishda yirik qoʻllanma sifatida azaldan Sharqda ham, Gʻarbda ham shuhrat topgan asarlardan ekanini bugun biz faxr bilan esga olamiz.

Yoki tarixdan koʻp uzoqlamay XVIII-XIX asrlarda yashab oʻtgan Ibrat domlani olaylik. Isʼhoqxon Ibrat dunyoviy bilimlarni chuqur oʻrganish bilan birga, yettita tilni mukammal bilgan. “Olti tilli lugʻat”, “Xatlar majmui”, “Tarixi Fargʻona”, “Tarixi madaniyat”, “Zamon tarozusi” kabi oʻndan ortiq ilmiy-tarixiy hamda maʼrifiy asarlar yaratgan. 1886-yilda zamonaviy maktab ochgan. 1907-yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, qishloq bolalarini oʻqitgan. Albatta, xalqimizning qonida, mentaliteti va zehniyatidagi ziyoga boʻlgan bu intilish bugun ham tomirlarimizda joʻsh urib turibdi. Bunga misol qidirib mamlakat kezish shart emas. Unday yoshlar, intiluvchan, zukko yigit-qizlarni bugun har qadamda uchratish mumkin.

Mana, oddiy misol. Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 43-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Saidkarim Tursunboyev beshta tilni, xususan, oʻzbek, ingliz, rus tillarini mukammal, tojik va nemis tillarini oʻrta darajada biladi.

U shu yil xorijdagi 68 ta oliy taʼlim muassasasiga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi. Ularning orasida AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Singapur, Malayziya kabi mamlakatlarning nomdor universitetlari bor.

Ammo iqtidorli oʻquvchi xorijda emas, oʻzimizning mahalliy oliy oʻquv yurtlarimizdan birida taʼlim olmoqchi. Uning bir gapi meni nihoyatda toʻlqinlantirdi. Ushbu soʻzlarni batafsil keltirishni joiz bildim. “Men oʻz Vatanimda oʻqib, shu yerda ishlamoqchiman. Vatanning xizmatida boʻlsam, shuning oʻzi menga sharaf. Toki, oʻqish davomida tengdoshlarimga motivatsiya berishim mumkin. Shu bilan birga, yosh avlodga xorijiy tillardan saboq beraman. Hozirda ham oʻquv markazida dars bermoqdaman. Yana bir gap, til bilish — faqatgina dunyoni bilish degani emas. Til bilish boshqa fanlarga yoʻl ochadi, dunyoga nazar solish imkoni kengayadi, deganidir. Men aslida tarix, matematika va fizika fanlariga qiziqaman. Tarix menga oʻzlikni, millat va Vatan tuygʻusini anglashim uchun, matematika va fizika kelajak uchun kerak...”

Prezidentimiz rahbarligida boshlangan mazkur ish yurtimizda minglab, millionlab Saidkarimga oʻxshagan farzandlarimizning kamol topishida qanot vazifasini oʻtashi, shubhasiz. Amalga oshirilishi koʻzlanayotgan tizim puxta oʻylangani bilan kishiga yana-da kuchliroq ishonch baxsh etadi.

Xususan, unga koʻra, endilikda Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi. Agentlik, eng avvalo, dunyoda samara bergan oʻqitish metodikalari, dastur va darsliklarini bogʻcha, maktab, litsey, oliygoh va oʻquv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishga koʻmaklashadi. Bunda taʼlim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini (ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors) oʻrgatishni tashkillashtiradi. Oʻzbekiston davlat jahon tillari va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetlari, Samarqand davlat chet tillar instituti bilan bir qatorda, har bir viloyatda bittadan universitet chet tillari boʻyicha tayanch oliygoh sifatida belgilanadi. Ingliz tili boʻyicha Kembrij universiteti nashriyoti darsliklari 200 ta maktabda aprobatsiyadan oʻtkazilib, keyingi yildan barcha maktablarga tatbiq qilinadi. Yil yakuniga qadar bu ishlarni nemis, koreys, xitoy va fransuz tillari boʻyicha ham tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Bulardan tashqari, Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOICA, JICA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yana-da kuchaytirish zarurligi yigʻilishda aytib oʻtildi.

Yana bir muhim masala — respublikada chet tillari nodavlat oʻquv markazlarining asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgani hisobga olinib, viloyat, tuman va shahar hokimlariga 1-iyuldan boshlab, qishloq tumanlarida 5 tadan chet tillariga oʻqitish nodavlat oʻquv markazlarini tashkil etish boʻyicha tanlov eʼlon qilish toʻgʻrisida topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Adabiy tilimizning asoschisi hazrat Navoiy shunday degan edi:“Koʻngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin soʻz bil”, yaʼni inson qalbi xazinasining kaliti soʻzdir, til nainki muloqot, balki dillarni bogʻlovchi vosita hamdir. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, koʻhna va serqirra madaniyati oʻzbek tili taʼsirida shakllangan. Til bilmoq, oʻz navbatida, dunyoga oʻzbek tilida soʻz aytmoq uchun imkon yaratadi.

Vatan taqdiri uchun, istiqboli uchun har dam yonib yashayotgan, har bir kunu tunini ana shunday ulugʻ maqsadga yoʻnaltirgan Millat Sardorining bu galgi yigʻilishidan men ana shunday tasavvur oldim. Oʻylaymanki, bugun qalbi uygʻoq har bir vatandoshimizning dilida ham shunday oʻylar kechmoqda, ongu shuurida bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash istagi yonmoqda.

Qudratilla RAFIQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
siyosatshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?