Dubayda Oʻzbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga bagʻishlangan biznes-forum oʻtkazildi

12:47 30 Oktyabr 2022 Dunyo
450 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Mamlakatimiz elchisi Abdulaziz Aqqulov, Bosh konsul Alisher Salomov, “Fredom Finans” kompaniyasi direktori Taraz Kozik va boshqalar tadbir ishtirokchilari huzurida soʻzga chiqdi.

BAA, Buyuk Britaniya, AQSH, Hindiston, Pokiston, Germaniya va boshqa davlatlar biznes hamjamiyatining 50 dan ortiq vakillari, investorlar va mutaxassislar qatnashgan forumda OʻzRTXB faoliyati, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida qoʻshma loyihalar amalga oshirishga sarmoyalar kiritish imkoniyatlari haqida soʻzlab berildi. Mamlakatimizning investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va taqdim etilayotgan preferensiyalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, soliq va bojxona talablarini liberallashtirish, respublikaning ilmiy va intellektual, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, koʻp tarmoqli sanoat bazasi, shuningdek, mamlakatimizning energetika, neft-kimyo sanoati, AKT sohasi, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya yoʻnalishlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning ulkan istiqbollari, turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Jamiyat hayotida roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar respublikani ishbilarmonlar va sayohatchilar uchun jozibador maskanga aylantirayotgani alohida taʼkidlandi.

Tadbir doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish va Oʻzbekiston mahsulotlarining xorijga, jumladan, BAAga eksportini faollashtirish maqsadida tadbirkorlar oʻrtasida muzokaralar tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?