Abituriyentlar imtihon uchun bir necha marta toʻlov qilishi kerakmi? DTM izoh berdi

18:10 21 Iyul 2021 Jamiyat
587 0

Maʼlumki, test sinovlari tashkil etilayotgan oʻquv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (122.500 soʻm) miqdorida toʻlovni amalga oshiradi, deya maʼlumot bermoqda DTM.

Qayd etilishicha, test sinovlari uchun toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmagan abituriyentlar roʻyxatdan oʻtmagan hisoblanadi va test sinovlarida ishtirok eta olmaydi.

Shu sababli Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarga eslatma sifatida 22-iyulga qadar toʻlovni amalga oshirmagan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok eta olmasliklari haqida SMS xabarnoma yuborildi.

Ayrim telegram kanallar va ijtimoiy tarmoqlar tomonidan mazkur holat boshqacha talqin qilinib, “Necha marta toʻlov qilish kerak?”, “Toʻlov qilingan boʻlsada, nega yana toʻlov qilish soʻralmoqda?” kabi fikrlar bildirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan DTM quyidagilarni maʼlum qildi:

2021-yil 20-21-22-iyul kunlari respublikamizda dam olish kunlari deb eʼlon qilinganligi sababli bank kassalari ishlamasligi mumkinligini inobatga olgan holda Davlat test markazi tomonidan 19-iyul kuni test sinovi uchun toʻlovni amalga oshirish boʻyicha eʼlon berildi va 20-iyul kuni eslatma sifatida abituriyentlarga SMS xabar yuborildi. Albatta bu abituriyentlardan ortiqcha toʻlov undirish maqsadida emas, balki ularni xabardor qilish, ularga qoʻshimcha eslatma berish maqsadida amalga oshirildi.

Davlat test markazining abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish tizimi (my.dtm.uz sayti) Yagona billing tizimiga integratsiya qilingan boʻlib, oldingi yillar bitiruvchilariga invoys shakllantiriladi. Bitta invoys raqamiga belgilangan miqdor (122.500 soʻm) dan ortiq toʻlovni amalga oshirish imkoni mavjud emas. Yaʼni abituriyent toʻlovni toʻliq amalga oshirgan boʻlsa, mazkur invoys raqamiga boshqa toʻlov qilib boʻlmaydi. Buning natijasida abituriyentlar tomonidan ortiqcha toʻlov qilinishining oldi olinadi.

Abituriyentlar tomonidan toʻlov amalga oshirilganda Yagona billing tizimi tomonidan Davlat test markazining tizimiga real vaqt rejimida xabar yuboriladi va abituriyentlarning shaxsiy kabinetida shakllantirilgan invoys oʻrnida toʻlov muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi haqida maʼlumot paydo boʻladi. Shuningdek, abituriyentlarning telefon raqamiga bu toʻgʻrisida SMS xabarnoma yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?