Dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha kadrlar tayyorlashda chuqurlashtirilgan oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi

16:21 27 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
659 0

Mamlakatimiz turli xil kasalliklarni dorivor oʻsimliklar asosida davolash boʻyicha oʻzining koʻp asrlik anʼanalariga ega ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Boisi, ajdodlarimiz dorivor oʻsimliklarning xususiyatini yaxshi bilgan va ularni samarali qoʻllay olgan. Deyarli barcha kasalliklarga giyohlardan davo topgani ham hech kimga sir emas.

Bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida, oʻrmon fondi va qishloq xoʻjaligi yerlarida dorivor oʻsimliklar bejizga yetishtirilayotgani yoʻq. Chunki aksariyat kasalliklarning davosi dorivor oʻsimliklarning guli, bandi yoki tomiridan tayyorlangan malhamda mujassam. Eng muhimi, dorivor oʻsimliklar xalq salomatligi barobarida, mamlakat iqtisodi uchun ham koni foyda.

Inchunun, xalq tabobati, uning oʻziga xos anʼanalari aholi salomatligini taʼminlash, tibbiy-sanitar yordam koʻrsatish, xususan, surunkali kasalliklar profilaktikasi, ularni davolashda sifat, xavfsizlik va samaradorlik borasida amalda koʻp sinovlardan oʻtgan. Yurtimizda xalq tabobati rivojiga yuksak darajada eʼtibor qaratilayotganining boisi ham aslida, shunda.

Soʻzimiz avvalida bu mavzuda bejiz gap ochmadik. Negaki, Prezidentimiz kuni kecha Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir yana bir muhim hujjatni imzoladi. “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishni rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror dorivor oʻsimliklar sohasini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli, hisoblanadi.

Unga binoan, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasining “Shifobaxsh” dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.

Endilikda ushbu Markaz dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash hamda dorivor oʻsimliklarga boʻlgan ichki va tashqi bozorlar talabini oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlarini oʻtkazish bilan shugʻullanadi.

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi esa Markazning oʻrmon fondi yerlarida namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etadi. Bunda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni koʻrib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy byudjetga yoʻnaltiriladigan toʻlovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda oʻsuvchi, jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish va boshqa shu kabi xarajatlarni qoplash uchun yoʻnaltiriladi.

Yana bir muhim jihati shuki, qaror bilan Nukus, Xoʻjayli, Qorakoʻl, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaliklari dorivor oʻsimliklar yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligi dorivor oʻsimliklar urugʻ va koʻchatlarini tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.

Bugun zamon talablariga javob beradigan yuqori salohiyatli, raqobatdosh va malakali kadrlar tayyorlash eng asosiy vazifa hisoblanadi. Qarorga asosan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalari biologiya yoʻnalishlarining 3 va 4-kurslari tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan oʻqitish amaliyotini yoʻlga qoʻyishini eng toʻgʻri yoʻl, deb hisoblayman.

Shak-shubhasiz, kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, barcha qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda “Dorivor oʻsimliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanishi zamonaviy tibbiyotda va xalq tabobati sohasida malakali kadrlarni tarbiyalashda hamda mahalliy oʻsimliklarni chuqur qayta ishlab, xalqimiz sogʻligi uchun zarur dori vositalarni olishning ilmiy asosini yaratishda muhim omil boʻladi, albatta.

Xulosa shuki, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir ilmiy tadqiqotlarning yagona bazasini yaratish, xorijiy davlatlarning ilgʻor ilmiy ishlanmalarini oʻrganib borish oʻta muhim va dolzarb. Ushbu qarorning soʻzsiz ijrosi yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik oʻrnatish hamda zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni respublikaga joriy etishga xizmat qilishiga ishonaman.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?