Dorixonalarda narx-navo nega hamyonbop emas?

16:24 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
323 0

Karantin sharoitida xalqimizni eng zarur dori vositalariga boʻlgan ehtiyojini qondirish va qonunbuzilishi holatlarining oldini olish muhim masala. Ammo shunday qiyin vaziyatda odamlarning tashvishidan choʻntak qappaytirish ilinjida boʻlgan dorixonalar egalari boʻlgan “tadbirkor”lar ham yoʻq emas.

Bugun oramizda oʻzi yashaydigan shahar-tuman boʻyicha dorixonadagi narxlarni solishtirib, undagi keskin tafovutdan asabi buzilayotgan, bunday farq qayerdan yuzaga keladi? – degan savolga javob izlayotgan hamyurtlarimiz soni ortib bormoqda.

Xoʻsh, maʼlum bir hududdagi bitta koʻchada joylashgan dorixonalarda bitta ishlab chiqaruvchining, bir xil taʼsir kuchiga ega va bir xil qadoqlangan dori narxlari nega bir-biridan keskin farq qiladi? Narxlarning 30-50 ming soʻmgacha va hatto undan katta miqdorda farqlanishini qanday tushunish mumkin? Birida arzonroq, ikkinchisi esa shahar yoki tuman boʻyicha eng qimmat...

Dori vositalari narxlaridagi farqni koʻproq ishlab chiqaruvchidan dorixonaga yetkazib berilishigacha bogʻliq xarajatlar bilan asoslash toʻgʻrimi? Albatta, ushbu jarayonda koʻplab vositachi “tadbirkor”lar daromad topadi. Ularning xarajati oʻzaro farqlanishi mumkin. Baribir, narxdagi farq shunchalik katta boʻlishi asoslimi?

Fargʻona shahrida bir-biriga yaqin hududda joylashgan “Xurmo” xususiy korxonasiga qarashli 2-son dorixona, “Vodiy Evro Farm Servis“ MCHJ, “Ray Gras Fergana” MCHJ 2-son filiali, “Best Life”MCHJ singari dorixonalarda “Favizovir”, “Croprinosin”, «Trambapol», «Trombas», «Azimak», «Kurantil» kabi dori vositalari 20-50 ming soʻm, baʼzan undan ham koʻproq farq bilan sotilyapti. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, shuningdek, Rossiya, Hindiston, Germaniya, Vengriya, Ukraina, Gruziya singari xorij davlatlaridan olib kelingan dori-darmonlar narxida sezilarli farq bor. Dorixonalar sotuvchilarining qayd etishicha, keyingi paytda koronavirus profilaktikasi bilan bogʻliq dori-darmonlarga boʻlgan talab juda yuqori boʻlayotgani uchun narxlar oshib ketmoqda. Shu bois dorixonalarda baʼzan oddiy tabletkalar, hatto tana haroratini oʻlchovchi termometrlar taqchilligi kuzatilyapti. Bitta dori vositasini 1 mln. 200 ming – 1 mln. 300 ming soʻm, 650-700 ming soʻmdan sotilayotgani holatlari ham uchrab turibdi.

Dorixonalarda himoya niqobi (maska) rejimi qatʼiy boʻlishi zarur. Ammo aksariyat hollarda sotuvchilar himoya niqobisiz kirib kelgan xaridorlar bilan hech qanday ogohlantirishsiz savdo qilmoqda.

— Viloyatda 1530 ta dorixona va uning filiallari mavjud,-deydi Fargʻona viloyati farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish boʻlinmasi boshligʻi Orifjon Fozilov. – Biz faqat dorixonalarga litsenziya berishga masʼulmiz. Agar dorixona faoliyati yuzasidan isteʼmolchilar yoki masʼul idoralardan shikoyat boʻlsa, keyin litsenziyani bekor qilish masalasi koʻrib chiqiladi. Bugungi kunga qadar bu borada bizga hech qanday shikoyat boʻlgani yoʻq.

Fargʻona viloyati davlat soliq boshqarmasi masʼullari tomonidan viloyatdagi 1121 ta dorixonalarga 179 nafar DSI xodimlari biriktirilgan. Dorixonalarda tasdiqlangan roʻyxat asosida boʻlishi shart boʻlgan dori vositalari doimiy taʼminlanishi va 3 oylik zaxirasini yaratish, dori vositalarini belgilangan meʼyorlarga mos ustamalar asosida sotish, narxlarni asossiz oshirmaslik hamda savdo jarayonida onlayn nazorat-kassa texnikalari toʻliq qoʻllanishi yuzasidan kafolat xati olingan. Bugungi kunga qadar soliq idoralari tomonidan 17 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan esa 135 ta holatda qonunbuzilishi holatlari fosh etildi.

Rishton tumanidagi “Sayyora” xususiy korxonasiga qarashli dorixonada «Geparin 5ml №5» dorisi 250 ming soʻmdan sotilayotgani aniqlanib, belgilangan ustama asosida sotilmayotgani uchun narxi 126 ming soʻmga tushirildi. Dorixona sotuvchisi U. Rahmonov narxni asossiz oshirmaslik boʻyicha rasman ogohlantirildi.

Xuddi shu «Geparin 5ml №5» dori vositasini Quvasoy shahrida joylashgan «Fartuna-Yur» xususiy korxonasiga qarashli dorixonada 375 ming soʻmdan sotilayotganligi maʼlum boʻldi. Sotuvchi N. Meliboyeva rasman ogohlantirilib, mazkur dorini belgilangan ustama meʼyori boʻyicha 126 ming soʻmdan sotish zarurligi tushuntirildi.

Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida «Geparin 5ml №5» dorisi Oltiariq tumaniga qarashli «Muhammad Aziz farm» dorixonasida 153 ming soʻm, «Mehrigiyo farm Oltiariq» dorixonasida 165 ming soʻmdan sotilayotgani aniqlandi va tushuntirish ishlari natijasida bu dorini belgilangan ustama meʼyori asosida 126 ming soʻmdan sotish yoʻlga qoʻyildi.

Birgina «Geparin 5ml №5» dori vositasi Oltiariq va Rishton tumani, Quvasoy shahrida bir-biridan 150 ming, 225 ming soʻmgacha qimmat narxda, katta farq bilan sotilyapti. Shahar va tumanlarda xuddi shu kabi bir xil turdagi yana oʻnlab dori vositalari sezilarli farq bilan sotilishi holatlari aniqlandi.

Tahlillarga qaraganda, karantin davrida viloyatga bir necha yangi dorilar olib kelindi. Bu ommaviy tus olmagan boʻlsa-da, shifokorlar tomonidan bemorlarga kerakli-keraksiz dorilarni yozib berish holatlari koʻpligidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Buning evaziga esa dori-darmonlarni import qiluvchi tadbirkorlar tomonidan shifokorlar maʼlum miqdorda “ragʻbatlantiriladi”. Bunday hotamtoylikning jabri yana isteʼmolchiga tushadi: dori-darmonning narxi oshaveradi...

Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?