Dori-darmon savdosi: bemorga madadmi yoki moʻmay daromad
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Issiq jon isitmasiz boʻlmaydi. Bunday paytda shifokorlar tavsiya etgan dori-darmonlar jonimizga oro kiradi. Bugun olimu shifokorlar izlanishlari natijasida har qanday dardni yengillatishga qodir dori-darmonlar yaratilmoqda. Qolaversa, hozir zarur dori vositasini izlab ortiqcha vaqt sarflashga hojat yoʻq: Koʻchada har qadamda dorixona. Binobarin, bir xastalikni davolashga moʻljallangan preparatlarning oʻnlab turdagi muqobillari mavjud. Biroq, ularning barchasi ham sifatlimi? Narxi-chi? Kasallik bilan kurashish samaradorligi qanday?
Qallob “taʼminotchi”lar
Maʼlumki, yaqin vaqtgacha xorijdan katta valyuta evaziga keltirilgan dori-darmon vositalari va tibbiy anjomlarning aksariyati endilikda oʻzimizda, mahalliy sharoitda ishlab chiqarilmoqda. Eʼtiborlisi, ularning sifati va xavfsizligi toʻliq kafolatlangan.
Keyingi paytlarda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi ayrim “tijoratchi”lar paydo boʻldiki, ular kelib chiqishi nomaʼlum, xavfsizligi kafolatlanmagan, sifat sertifikati va tegishli hujjatlari boʻlmagan turli dori-darmonlarning aylanma yoʻllar orqali respublikamiz hududiga olib kirilishi va sotilishi barchamizni jiddiy tashvishga soladi. Ular yurtimizga keltirgan hujjatsiz “mol”larini oʻzlariga tanish boʻlgan “dorixona”larga anchagina arzon narxda topshiradi. Bu yerda dorilarning sifati va taʼsir kuchi xususida oʻylab ham oʻtirmay peshtaxtaga qoʻyishadi. Vaholanki, respublikamizda dori-darmon savdosini tashkil etishning qatʼiy tartib-qoidalari joriy etilgan. Jumladan, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasida qayd etilganidek, dorixonalar ishi dorixona amaliyoti uchun xos boʻlgan standartlarga muvofiq amalga oshiriladi. Uni boshqarish faqat oliy maʼlumotli farmatsevtik maʼlumotga ega shaxslargagina ruxsat etiladi. Barcha dorixonalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining farmatsevtik faoliyat uchun ruxsat beruvchi litsenziyasiga ega boʻlishi, sanitariya meʼyorlari va qoidalariga javob berishi lozim.
— Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, davlat sanitariya nazorati xodimlari bilan hamkorlikda chegara hududlarida joylashgan qishloqlar aholisi oʻrtasida dori vositalari noqonuniy olib oʻtilishining oldini olish boʻyicha tushuntirish va targʻibot ishlari izchil yoʻlga qoʻyilgan, — deydi viloyat bojxona boshqarmasi surishtiruv va maʼmuriy amaliyot shoʻbasi inspektori Dilmurod Toʻrayev. — Xodimlarimiz ham qoʻshni respublikalardan yaroqsiz dori vositalari kirib kelishiga chek qoʻyish yuzasidan barcha chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Shunga qaramay, bojxonachilar koʻzini shamgʻalat qilib, “dori” savdosi bilan shugʻullanadigan kimsalar uchrab turibdi. Hushyor posbonlarimiz joriy yilning oʻtgan davrida kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan, sifati kafolatlanmagan 5 milliard 819 million soʻmlik dori-darmon mahsulotlarining mamlakatimizga olib kirilishiga yoʻl qoʻymadi. Biroq, ayni koʻrsatkichning oʻtgan yil shu davriga nisbatan 20 foizga koʻpligi tashvishlanarli.
Xoʻsh, oʻylab koʻraylik, bunday tibbiy preparatlar orasida qalbakilari yoʻqligiga kim kafolat beradi?! Ular bemorlar tomonidan sotib olinib, isteʼmol qilinsa-chi? Shundoq ham dard chekib turgan insonning ahvoli battar boʻlib, salomatligi xavf ostida qolmaydimi?!
— Oshqozoni jiddiy kasallangan bemorni jarrohlik yoʻli bilan davolashga toʻgʻri keldi, — deydi namanganlik shifokorlardan biri. — Qandli diabeti ham bor ekan. Amaliyot oldidan qonidagi qand miqdorini kamaytirdik. Operatsiya chogʻida qoʻshimcha dori vositasi zarur boʻlib qoldi. Uni qoʻlladik. Bemorning ahvoli yaxshilanish oʻrniga u hushini yoʻqota boshladi. Bilasizmi, idishdagi vosita biz aytgan dori emas, ancha arzon boʻlgan glyukoza suyuqligi ekan. U qoʻllanilgandan soʻng bemor qonida qand miqdori yana koʻpayib, holatni murakkablashtirib yuborgan. Ana dorishunoslikdagi qalloblikning ayanchli oqibati. Bu singari voqealar, masalan, yaroqlilik muddati oʻtgan dori vositalari isteʼmol qilinishi oqibatida ham yuzaga kelgan.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasiga isteʼmol tovarlarini olib kelishni takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz hududida sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar majburiy sertifikatlash roʻyxatiga kiritilgan. Bu jarayonni amalga oshirishning milliy tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Yurtimizga belgilangan tartib asosida qonuniy yoʻl bilan kirib kelgan dori vositalari va tibbiy buyumlar tegishli idoralar tomonidan tahlil qilinib, sertifikatlashtiriladi. Noqonuniy yoʻl bilan keltirilgan dori-darmonlarga bunday sertifikat berilmaydi. Ularning dorixonalarda sotilishi taqiqlanadi. Savol tugʻiladi: Unda belgilangan talabga javob bermaydigan dorilar qayerdan sotuvga kelib qolmoqda?
Joriy yilda Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi tez yordam boʻlimining feldsheri katta miqdordagi tibbiy preparatni dorixonalarga tarqatish uchun olib ketayotganda huquqni muhofaza qilish xodimlari tomonidan ushlandi. Aniqlanishicha, u xonadonida yashirin sex tashkil etib, anaferon, zodak, vitamin V6, xilak forte singari dorilar ishlab chiqargan. Andijon, Fargʻona, Toshkent shaharlariga yetkazib bergan. Namangan shahridagi xonadonlardan birida ham shunday holat aniqlandi. Bu yerdagi qoʻlbola dori sexida “Shifo oil” savdo belgisi ostida tibbiyot vositalari, yaʼni turli xil oʻsimlik yogʻlarini sanitariya va tibbiy vositalarni ishlab chiqarish qoidalariga zid ravishda tayyorlanib, qadoqlab kelingan.
Odamlar “dori”ga oʻrganib qolmayaptimi?
Sir emas, kundan-kunga dori-darmon savdosi kengayib bormoqda. Odamlar ovqat oʻrniga dori isteʼmol qilayotgandek. Ularning narxi muttasil oʻsishda. Ayniqsa, shifoxonalar hududi yoki yaqinroqda joylashgan dorixonalarning “ketmoni uchgan”. Narxlar boshqalarga qaraganda ancha yuqori. Dard chekib turgan bemorning yaqinlari puliga qarab turarmidi, necha pul boʻlsa ham oladi-da...
Namangandagi yirik tibbiyot muassasasi hovlisidagi dorixonadan xarid qilishga toʻgʻri keldi. Sotuvchi shifokor yozib bergan roʻyxatdagi dorilarni taxlab, pulini hisoblagichga tashlab berdi. 1 million 155 ming soʻm boʻldi. Dorilarning har birini yana alohida-alohida bir martadan hisoblab berishini iltimos qildik.
Keyingi hisob-kitob natijasi 1 million 55 ming soʻm chiqdi. Bir zumning oʻzida 100 ming soʻmni urib qolyapti. Ilgari bu xaridor haqidan urib qolish deb baholanar, aybdorga tegishli idoradan jazo berilardi. Afsus, bunday qingʻirliklar bugun odat aylanib qoldi. Dorixona sotuvchisi hattoki, “adashibman” deya uzr soʻrashni ham oʻziga ep koʻrmadi. Shu joydan donasi 170 ming soʻmdan xarid qilingan “Meronat” infuzion eritmasi narxini boshqa shoxobchadan soʻradik. 149 ming 800 soʻm ekan. 56 ming soʻmga olingan “Levon” preparatini shahar dorixonalarida 49 ming 800 soʻm, deb aytishdi. Nahotki, bir-biridan uncha uzoq boʻlmagan shoxobchalarning ayni bir xil dori vositasiga qoʻygan narxida shuncha katta tafovut boʻlsa?!
Umuman olganda, joylarda tez-tez uchraydigan bu singari holatlar narxlarni asossiz ravishda oshirish koʻpchilik dorixonachilar uchun odatga aylanib qolgani achinarli. Tinmay reklama qilinayotgan “Essel forte” joylarda 75 mingdan 80 ming soʻmgacha sotiladi. Bundan bir necha yil ilgari uch ming soʻm boʻlgan “Korvalol” tomchisi teng baravardan koʻproq qimmatlashib, yetti ming soʻmga chiqibdi. Nima deyishga ham hayronmiz.
Ijtimoiy tarmoqda Raqobat qoʻmitasi tomonidan dori vositalarini ulgurji va chakana sotish faoliyati bilan shugʻullanuvchi subyektlarni oʻrganish natijalari eʼlon qilingan xabarga koʻzimiz tushdi. Joriy yilning sakkiz oyi davomida Namangan viloyatidagi 44 ta dorixonada oshirib sotish orqali isteʼmolchilarning 1 milliard soʻmdan ortiq haqiga xiyonat qilingan. Vaholanki, mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji va chakana savdo orqali sotishda ustama qoʻllanishning qatʼiy meʼyorlari belgilab qoʻyilgan. Har bir dorixonada bunga soʻzsiz amal qilinishi shart. Qolaversa, xalqimizning “Insof sari baraka”, degan ajoyib naqli bor. Axir, biz qoʻshnisining boshiga dard kelsa, bir kosa qaynoq shoʻrva koʻtarib chiqqan, Haj ziyoratiga toʻplagan mablagʻini uning operatsiyasiga tutqazgan elmiz-ku! Lekin, nafsi hakalak otgan ayrim sotuvchilarga qachon insof kiradi?
Bu soha dori-darmon yetkazib beruvchi ijtimoiy obyektmi yoki biznes subyekti. Amalda ularning aksariyati ikkinchi toifaga oʻtib qolgan. Bu joylarda noqonuniy xatti-harakatlar, narxlarni sunʼiy ravishda balandlatish boʻyicha roʻy berayotgan oʻzboshimchaliklar farmatsevtika sohasining mazkur yoʻnalishiga eʼtiborni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Toki, mamlakatimizga qalbaki dori vositalarining kirib kelishi, narxlarni oshirib sotilishi bilan bogʻliq har bir xatti-harakat oʻz bahosini olsin. Bu ishda jamoatchilik nazoratidan unumli foydalanish, xususan, isteʼmolchilar oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini keng yoʻlga qoʻyish orqali kutilgan natijaga erishish mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring