Donor boshqa insonning hayotini asrab qolishi mumkin
14-iyun — Xalqaro donorlar kuni
Mana 200 yilki qon donorligiga tibbiyotning zaruriy qismi sifatida qaraladi va har yil insonlar bu xayrli ishga ommaviy jalb etiladi. Qon donorligi orqali kishi bir odamning hayotini qutqarib qolishi mumkin.
Hayotda nimalar sodir boʻlmaydi, deysiz. Taqdirning ogʻir sinovlari boshiga tushib, baʼzan kimdir avtohalokatga uchraydi, kimdir ish jarayonida tan jarohati oladi. Umuman, har qanday ogʻir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan odamga birinchi navbatda qon zarur. Donor begʻaraz bergan qon ana shu qadri baland neʼmatga muhtoj insonning shifo topishi uchun nihoyatda asqatadi. Qon tugʻish jarayonidagi koʻplab homilador ayollarning hayotini saqlab qolganiga necha bor guvoh boʻlganmiz.
Shuning uchun ham har yili butun dunyo boʻylab 14-iyun — Xalqaro donorlar kuni sifatida keng nishonlanadi va joylarda sogʻliqni saqlash muassasalari hamda turli tashkilotlar tomonidan donorlikka bagʻishlangan aksiya tadbirlari oʻtkaziladi.
Xoʻsh, yurtdoshlarimiz qon donorligi haqida qanchalik maʼlumotga ega? Kimlar donor boʻla oladi? Qon topshirish jarayonlari va tartiblari qanday? Mamlakatimizda donorlar uchun qanday yengilliklar bor?
Mazkur savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahridagi “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi mutaxassisi, oliy toifali vrach-transfuziolog Matluba OʻRISHEVAga yuzlandik.
— 18 yoshdan 70 yoshgacha, vazni 50 kilogrammdan ortiq boʻlgan barcha insonlar ixtiyoriy ravishda donorlikka qon topshirishi mumkin, — deydi Matluba Oʻrisheva. — Faqat bu jarayonga rozi boʻlgan odam, albatta, shifokorlar koʻrigidan oʻtishi darkor. Bu orqali donorning qoni tarkibidagi gemoglobin miqdori aniqlanadi. Qon olish bir martalik sistema orqali amalga oshiriladi va bu bilan donorning yuqumli kasalliklarga chalinishining oldi olinadi. Avvaliga laboratoriyada test tizimlarining jahon namunalaridan foydalangan holda topshirilayotgan qonda “B” va “C” virusli gepatitlar, OITS, sifilis va brusellez kasalliklari qoʻzgʻatuvchilari bor yo yoʻqligi tekshiriladi. Keyin qonning bioximik tahlili oʻtkaziladi, donorning qon guruhi hamda rezus faktori aniqlanadi. Shundan soʻng, talabgorning salomatligi haqida aniq maʼlumotga ega boʻlingach, u qon topshirishga tavsiya etiladi. Tahlil natijalari shifokorlar tomonidan sir tutiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, qon topshirish begʻaraz va xavfsiz boʻlib, bu jarayon talabgor uchun zarar emas, aksincha, foyda keltiradi. Yaʼni uning qon tarkibi yangilanadi, qon aylanish tizimi faoliyati yanada yaxshilanadi, immuniteti mustahkamlanadi. Shuningdek, qon bosimi yuqori boʻlgan kishilarga ham qon topshirish tavsiya etiladi, bu ularga ijobiy taʼsir koʻrsatishi fanda isbotlangan.
Har bir inson yilda 4 marta qon topshirishi mumkin, biroq uning oraligʻi 2 oydan kam boʻlmasligi zarur. Mazkur jarayonning davomiyligi 45 daqiqa boʻlib, bunda donordan kamida 450 ml. qon olinadi.
Shifokorlar donor qon topshirganidan soʻng biroz dam olishi, yaxna ichimlik va shirinliklar isteʼmol qilishini maslahat berishadi. Shuningdek, talabgor qon topshirgan yoxud tibbiy koʻrikdan oʻtgan kuni oʻrtacha ish haqqi saqlangan holda ishdan ozod etiladi. Oʻrta maxsus, oliy taʼlim va boshqa oʻquv muassasalarida tahsil oluvchilarga ham bunday holatda darsga kelmaslik huquqi beriladi. Ushbu qonun harbiy xizmatchilar uchun ham tegishli boʻlib, ular navbatchilik vaqtlari xizmat jarayonlariga qoʻyilmaydi. Shuningdek, donor qon topshirgan yoki tibbiy koʻrikdan oʻtgach, qoʻshimcha yana bir kun dam olishi mumkin.
Xalqaro qon donorlari tashkilotlari federatsiyasining maʼlumotlariga koʻra, har bir mamlakat oʻz aholisining qonga boʻlgan talabini qondirish uchun ming nafar kishiga nisbatan donorlar soni 30 nafar va undan ortiq boʻlishi, qon komponentlari bilan taʼminlash uchun esa donorlar soni har ming nafar kishiga 10 nafarni tashkil etishi zarur. Oʻzbekistonda esa hozirgi kunda bu koʻrsatkich 5 nafardan iborat boʻlib, mutaxassislar fikricha, agar u 10 nafarga oshsa, xalqimizning qonga boʻlgan talabi yuz foiz qoplanadi.
Taʼkidlash joizki, yurtimizda inson salomatligini mustahkamlash, tibbiyotning barcha tarmogʻini birday rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 9-avgustidagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish choralari toʻgʻrisida”gi qarori ham ushbu sohaning oldinga siljishi, donorlik uchun koʻngillilar safi oshishiga turtki berdi. Hujjat asosida yurtimizda qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Ayni kunlarda ham mamlakatimiz boʻylab sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan joylarda begʻaraz “Men donorman” shiori ostida xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda. Unda faol ishtirok etgan, oʻz qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Ular “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarida bir martalik pul bilan mukofotlanadi. Shuningdek, ular oʻziga qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqishi, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari shahar jamoat transportining barcha turidan bepul foydalanishi hamda davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olishlari mumkin.
Bundan tashqari, doimiy, yaʼni yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi donorlar va ularning yaqin qarindoshlari — ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʻrtogʻining ota-onalari statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi.
Demak, qon donorligidek xayrli ishga har bir yurtdoshimiz hissa qoʻshishi, bu bilan bir odamning joniga oro kirishi mumkin. Bu nafaqat savobli amal, ayni paytda salomatligimiz uchun ham koni foydadir.
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy
kommunikatsiyalar universiteti
talabasi Maʼruf TOJIBOYEV yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring