Donald Tramp koronavirusni quyosh nuri bilan yoʻq qilish mumkinligini aytdi

15:42 24 Aprel 2020 Dunyo
918 0

AQSH prezidenti Donald Tramp yaqinda boʻlib oʻtgan brifingda virusga qarshi kurashda quyosh nuridan foydalanish mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda USA Today xabar berdi.

Oʻz navbatida tadbirda AQSH ichki xavfsizlik vazirining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha oʻrinbosari Uilyam Brayan bu borada olib borilgan tadqiqot natijalari haqida soʻzlab berdi. Uning aytishicha, quyosh nuri va namlik taʼsiri ostida virusning yuzalar yoki havoda yashab qolish darajasi sezilarli darajada kamayar ekan.

Brayanning maʼlumotlariga koʻra, Selsiy boʻyicha 21 darajadan 27 darajagacha boʻlgan harorat va 80 foizlik namlik, shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari taʼsirida yuzada turgan virusga ikki daqiqa ichida putur yetadi. Havodagi virus esa xuddi shunday harorat va oftob nurlari ostida hamda bor-yoʻgʻi 20 foizlik namlikda 1,5 daqiqada yoʻq boʻladi.

“Bular faqat dastlabki xulosalardir“, — deydi Brayan. U nima boʻlishidan qatʼiy nazar amerikaliklar masofani saqlash boʻyicha ilgari berilgan tavsiyalarga rioya etishlari shart ekanligini taʼkidladi.

Tramp esa oʻz navbatida bemorga ultrabinafsha nurlari bilan taʼsir qilinsa yoki nur teri orqali tanaga kiritilsa, koronavirus bir daqiqada oʻlishini taʼkidlab oʻtdi. Bunday xulosalar nimaga asoslanganiga u aniqlik kiritmagan.

“Bu ishlashi ham, ishlamasligi ham mumkin“, — deya qoʻshimcha qilgan Oq uy rahbari.

Jorj Vashington universiteti shifoxonasi tibbiyot professori Jonatan Rayan esa Trampning fikrlarini tanqid qilib chiqdi. U bunday bayonotlar berish uchun tibbiy asoslar yoʻq ekanligini bildirdi.

“Quyosh nurlari bu najot yoʻli emas“, — dedi Rayner.

Tramp bundan oldin ham koronavirus issiq ob-havoga bardosh bera olmagani haqida gapirgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?