Dollar kursi oshsa ham, tadbirkorga zarari tegmaydigan tizim joriy etiladi

16:08 22 Avgust 2021 Iqtisodiyot
644 0

Tadbirkorning eng yaqin hamkori bu — bank. Qaysi tadbirkor bankdan olgan mablagʻni maqsadli ishlatsa va vaqtida qaytarsa, bank ishonchini qozonadi, kelgusidagi hamkorlik rishtalari mustahkamlanadi. Hozirgi kunda bizda eng katta muammo bank va mijoz oʻrtasidagi muvozanatning buzilgani, shartnoma shartlari oʻz vaqtida bajarilmayotganidir.

Kuni kecha Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida oʻtkazgan uchrashuvida ham bu muammoga toʻxtalib, endilikda dollar kursi oshsa ham tadbirkorga zarari tegmaydigan tizim joriy etilishini bildirdi.

Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etilishi ayni muddao boʻldi. Chunki ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablagʻlarni soʻmga oʻtkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi. Boshqacha aytganda, dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qoʻshimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab banklarning kapitalini oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari boʻyicha qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablagʻlar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga beriladi. Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng koʻp ish oʻrni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablagʻlar ana shu banklarga taqdim etiladi.

Sirasini aytganda, har bir tadbirkor endilikda bank bilan yangicha formatda, aniq hisob-kitob va shartnoma shartlariga toʻliq amal qilgan holda ish yuritsagina oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga yetadi. Bank va tadbirkor oʻrtasidagi munosabatlarning yaxshi yoʻlga qoʻyilishi har ikki tomon uchun ham manfaatlidir.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlic Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?