“Dok-1 Maks” ishi: Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

15:36 26 Fevral 2024 Jamiyat
210 0

Toshkent shahar sudida “Dok-1 maks ishi” bilan bogʻliq yakuniy sud majlisi boʻlib oʻtmoqda.

Eslatib oʻtamiz, mazkur ish doirasida farmatsevtika sohasida faoliyat olib borgan 23 nafar shaxs sud oldida javob berdi.

Ular Hindistonda ishlab chiqarilgan, tarkibida zaharli moddalar boʻlgan “Dok-1 maks” siropi va boshqa dori vositalarini yurtimizga olib kirgan hamda dorilar tarkibini tekshirishga masʼul boʻlgan shaxslardir.

Masʼul shaxslarning masʼuliyatsizligi ortidan mazkur dori vositalarini isteʼmol qilgan 86 nafar bola jabrlandi. Ulardan 68 nafari vafot etgan va 16 nafari ogʻir, 2 nafari yengil tan jarohati olgan.

2022-yilning kuz oylarida yuz bergan mazkur noxush voqea ortidan Davlat xavfsizlik xizmati jinoyat ishi qoʻzgʻatib, tergov harakatlarini olib bordi.

Sud majlisiga raislik qiluvchi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Muso Yusupov sud qarorini oʻqib eshittirdi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 18-yil, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Farmagentlikning sobiq rahbari oʻrinbosarlari boʻlgan Amirxon Azimov va Nodirbek Musayevga 16 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazolarni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?