DXM bozorlarda sayyor xizmat koʻrsatmoqda

16:10 05 Avgust 2022 Jamiyat
310 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyatida keyingi paytlarda mehnat jamoalari, mahallalar, hatto aholi xonadonlarida koʻrsatib kelinayotgan sayyor davlat xizmatlari endi dehqon bozorlari va savdo komplekslariga ham koʻchdi. Jumladan, Toʻraqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi Davlat xizmatlari markazi xodimlari birinchilardan boʻlib tuman davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda “Oqtosh dehqon bozori” masʼuliyati cheklangan jamiyati hududida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar va aholi bilan uchrashuv tashkil qildi. Unda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish tartibi, davlat bojlari va boshqa davlat xizmatlari toʻgʻrisida tushunchalar berildi. Ayni jarayonda bozorga xarid qilish uchun kelgan fuqarolarga 35 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Chortoqda esa tuman markazidan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Beshtol mahallasidagi dehqon bozorida oʻtkazilgan sayyor xizmat davomida aholi va tadbirkorlik subyektlariga bukletlar tarqatildi, fuqarolarga oʻnlab turda davlat xizmatlari koʻrsatildi. «Norin avto bozori» hududida oʻtkazilgan tushuntirish-targʻibot tadbirlari davomida 10 nafar fuqaroning uzogʻi yaqin boʻlishiga koʻmaklashildi.

— Men roʻzgʻorga u-bu xarid qilish uchun tuman markazidagi bozorga kelgandim, — deydi toʻraqoʻrgʻonlik Tohirjon Asqarov. — Davlat xizmatlari markazi xodimlari bozorda sayyor xizmat tadbirini oʻtkazishayotgan ekan. Vaqt topib markazga bora olmayotgan edim. Bir nechta savollarimni xodimlarga berdim. Kadastr pasportini shakllantirish yuzasidan huquqiy tushuncha berishdi. Bozorim ham bitdi, zarur maslahatni ham oldim.

DXMning bu singari sayyor xizmatlari viloyatning barcha tumanlaridagi bozorlarda tashkil etilib, aholining uzogʻi yaqin, ogʻiri yengil boʻlishiga amaliy yordam koʻrsatilmoqda.

 

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер