DXXga ishga kirgizib qoʻyish uchun 5000 dollar talab qilgan shaxs daliliy ashyolar bilan ushlandi

22:59 05 Mart 2021 Jamiyat
962 0

Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro X.N. viloyat IIBBga ariza bilan murojaat qiladi. Arizasida, oʻzini E.N. “DXX Toshkent shahar boshqarmasi kadrlar boʻlimi boshligʻi” deb tanishtirgan shaxs oʻgʻlini DXX harbiy qismlaridan biriga ishga kiritib qoʻyishi uchun 5 000 AQSH dollari talab qilayotganligini maʼlum qilib, qonuniy chora koʻrishini soʻraydi.

Mazkur arizaga asosan, “Zarbdor oyligi” doirasida Toshkent viloyati IIBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va Oʻz xavfsizlik boshqarmasi viloyat boʻlimi xodimlari va DXX xodimlari hamkorligida Chirchiq shahrida tezkor tadbir oʻtkaziladi.

Tadbir davomida oʻzini – E.M. “DXX Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar boʻlimi boshligʻi” deb tanishtirgan shaxs, katta leytenant unvonidagi DXXning xizmat kiyimi (formasi)da arizachidan kelishilgan 5 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarini olayotgan vaqtda, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oʻtkazilgan suhbat davomida ushbu shaxs – Surxondaryo viloyatida yashovchi 1998-yilda tugʻilgan E.M., hech bir davlat organi yoki boshqa tashkilotda ishlamasligi, shuningdek, avvalroq DXXga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtaganligi aniqlangan.

Ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?