DXXda buyuk mutafakkirlarimizga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

17:43 10 Fevral 2021 Jamiyat
713 0

Davlat xavfsizlik xizmatida soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi hamda uning munosib izdoshi boʻlmish Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538-yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, navoiyshunos olim Bahodir Qobilov harbiy xizmatchilarga bu ikki ulugʻ ajdodlarimizning ijodlari haqida, ularning asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar insonni komillikka yetaklashi toʻgʻrisida zarur tushunchalar berdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Behzod Muhammadkarimov, Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Dilnoza Kubayevalar tomonidan oʻqilgan Navoiy va Bobur gʻazallari hamda ruboiylari Xizmat xodimlarining sheʼriyatga va adabiyotga boʻlgan qiziqishlarini yana-da orttirdi.

Oʻzbek milliy maqom sanʼati ustalarining millatimizning faxri, gʻururi boʻlgan ushbu bobolarimiz gʻazallari asosida tayyorlagan konsert dasturi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, DXX harbiy xizmatchilari uchun respublikamizning yetakchi nashriyotlari tomonidan kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.

Taʼkidlash lozimki, ushbu buyuk shaxslarimiz asarlarida adolatparvarlik, vatanni sevish, yurt tinchligi va osoyishtaligini asrash borasida ilgari surilgan gʻoyalar har bir insonning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?