DXX jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻydi

10:55 27 Yanvar 2021 Jamiyat
1220 0

DXX xodimlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Xitoy davlatidan Qozogʻiston Respublikasi orqali mamlakatimizga import tovarlarini tashish bilan shugʻullanuvchi avtofura haydovchilarining Toshkent viloyatida joylashgan “Yallama” chegara-bojxona posti orqali oʻtishlari jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yoʻli bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, mazkur jinoiy guruh soxta hujjatlar yordamida tovar-moddiy boyliklar importi bilan ham shugʻullanganligi aniqlandi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda guruh aʼzolariga tegishli boʻlgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 6 ta manzilda tintuv tergov harakatlari amalga oshirildi. Natijada, ulardan 410 ming AQSH dollari, turli koʻrinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Shuningdek, tergov harakatlari doirasida guruh faoliyatiga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?