DXX Sirdaryoda firibgarlik va korrupsiya bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻydi

21:42 23 Iyul 2021 Jamiyat
377 0

Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbari oʻz oʻgʻli bilan kelishgan holda oʻzganing ishonchiga kirib, uning katta miqdordagi pul mablagʻini oʻzlashtirmoqchi boʻlishadi.

Ular fermer xoʻjaligining hozirda tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan 14 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 30 ming AQSH dollari talab qilib, muqaddam 20 ming dollar olishadi.

DXXning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlarining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirida fermer xoʻjaligi rahbari qolgan puldan 9,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Xovos tumanida kuzatilgan yana bir holatda esa muqaddam sudlangan, hozirda quruvchilik bilan shugʻullanuvchi fuqaro tumanning Chanbil qishlogʻida mebel ishlab chiqarish zavodi va zavod ishchilariga uy-joy qurish uchun ajratilgan yer maydonidan 10 sotixini vakolatli tanishlari orqali xaridor nomiga uy-joy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 22,5 mln. soʻm talab qiladi.

U soʻralgan puldan avans sifatida 15 mln. soʻm olgan vaqtida DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Sirdaryo viloyati byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Sardoba tumani boʻlimi bosh inspektori lavozimida ishlovchi muqaddam sudlangan shaxs 2 nafar fuqaroning mehnat faoliyatiga ega ekanligi toʻgʻrisida soxta hujjatlar tayyorlab, ularning nafaqa pullarini oshirib berish evaziga 500 AQSH dollari talab qiladi.

U soʻralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?