DXX qariyb 65 kg. giyohvand moddani musodara qildi

10:08 19 May 2020 Jamiyat
359 0

DXX organlari tomonidan giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish, uning mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida qatʼiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Tojikiston Respublikasidan katta miqdordagi giyohvandlik moddasi kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtilib, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining “Sarijar” mahallasi hududiga yashirib qoʻyilganligi toʻgʻrisida olingan maʼlumot asosida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi va voqea joyidan 61 kg 838 gr. “gashish” giyohvandlik moddasi protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi. Hozirda mazkur giyohvand moddaning kimga tegishli ekanligini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Abduhalil Sabaydullayev boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Namangan shahrida toʻxtatilib, tekshirildi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasidan 1,5 kg “gashish” giyohvandlik moddasi topildi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Qirgʻiziston Respublikasida yashovchi “Akrom” ismli shaxs ushbu giyohvand moddani aylanma yoʻllar orqali Yangiqoʻrgʻon tumaniga olib oʻtib, uni Abduhalil Sabaydullayevga yetkazish uchun mazkur tumanning “Oqtom” mahallasida yashovchi, 1972-y.t. Bahodir Komilovga topshiradi. Oʻz navbatida Bahodir Komilov ogʻuni viloyat markazida kutib turgan Abduhalil Sabaydullayevga yetkazib beradi.

Tezkor tadbir davomida Bahodir Komilov ham voqea joyida ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1964-y.t. Sabaydullayev Abduhalil Abduqodirovich muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etgani uchun 2016-yil jinoyat ishlari boʻyicha Namangan viloyat sudining hukmiga asosan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, 2018-yildan esa axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtab kelayotgan boʻlgan.

Shuningdek, Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1991-y.t. Ulugʻbek Sultonov mamlakatimizning Qirgʻiziston bilan chegaraoldi hududi hisoblangan “Yogʻdu” mahallasida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan toʻxtatilib, tekshirilganda, uning yonidan 278 gr. “gashish” giyohvandlik moddasi hamda 1000 AQSH dollari topildi. Aniqlanishicha, Sultonov mazkur giyohvandlik moddasini qirgʻizistonlik “Baxt” ismli shaxsdan olib, kontrabanda yoʻli bilan respublikamiz hududiga olib kirgan.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi 1987-y.t. Akmal Oʻrunov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Gʻuzor tumanidagi YPX maskanida toʻxtatildi. Tekshiruv jarayonida avtomobilning motor qismiga yashirib qoʻyilgan 506 gr. “gashish” hamda 236 gr. “opiy” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Aniqlanishicha, Oʻrunov ushbu giyohvand moddalarni Tojikiston Respublikasida yashovchi “Xurshid” ismli shaxsdan 4500 AQSH dollariga sotib olib, kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga oʻtkazgan va uni kelgusida sotish maqsadida Qarshi shahriga olib ketayotgan boʻlgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi fuqarolar 1991-y.t. Abduhamid Iminjonov, 1998-y.t. Sanjarbek Qosimov va 2002-y.t. Azamatjon Oʻljayevlar mazkur tumanning “Uygʻur” qishlogʻi hududidan oʻtuvchi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasidagi sim toʻsiqlari ustidan qirgʻizistonlik shaxslar tomonidan uloqtirilgan 479 gr. “gashish” giyohvandlik moddasini qabul qilib olishgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 64 kg 600 gr. “gashish” va 236 gr. “opiy” giyohvand moddalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?