DXX kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda

14:31 17 Mart 2022 Jamiyat
642 0

Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qonun 8 ta bob va 40 ta moddadan iborat boʻlib, ularda Qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishning prinsiplari, yoʻnalishlari, usullari, masʼul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari boʻyicha choralar koʻrish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Qonunning maqsadi mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat boʻlib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.

Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qoʻllanib, kiberxavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni taʼminlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.

Shu bilan birga, Qonun bilan kiberxavfsizlik subyektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik subyektlarining tashabbusiga koʻra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.

Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar koʻrish, sodir boʻlgan hodisalar toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi, birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi;

ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va meʼyoriy uslubiy taʼminot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshadi;

uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yoʻq qilish, oʻzgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari
va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?