DXX Xiva shahridagi noqonuniy guruh faoliyatiga chek qoʻydi 

16:59 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
436 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB sayʼ-harakati bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining Xiva shahridagi mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qoʻyildi.

Aniqlanishicha, 2003-y.t. fuqaro 2020-yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti emissarlari taʼsiriga tushib qoladi va ularning radikal gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlay boshlaydi.

Joriy yilning yanvar oyidan esa u Xiva shahridagi masjidlardan biriga ibodat qilish uchun kelgan yoshlar orasida “jihodchilar” gʻoyalarini targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Natijada 7 kishidan iborat guruh shakllanadi va ular 1980 hamda 1982-y.t. aka-ukaga tegishli mehmonxonada oʻzaro yigʻinlar oʻtkazib kelishadi.

Eʼtiborli jihati shundaki mazkur aka-ukaning 2005-y.t. bir nafardan farzandlari ham guruh aʼzolari sanaladi.

Muntazam oʻtkazilgan yigʻinlar vaqtida ular internet tarmogʻi orqali yuklab olingan diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar gʻoyaviy rahnamolarining, jumladan, “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video maʼruzalari hamda daʼvatlarini tinglab, oʻzaro muhokama qilishgan.

Shuningdek, ular Suriyadagi jangarilar safiga borib qoʻshilganda foydalanish uchun sportning qoʻl jangi turi bilan ham shugʻullanishgan.

Taʼkidlash lozimki, noqonuniy guruhning 1998-2005-yillar oraligʻida tugʻilgan aʼzolari orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabasi hamda Xiva shahridagi umumiy oʻrta taʼlim maktabining 2 nafari oʻquvchisi bor.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida guruh aʼzolarining ayrimlari noqonuniy boylik orttirish maqsadida giyohvand moddalar savdosi va oʻgʻirlik jinoyatlarini amalga oshirganliklari ham maʼlum boʻldi.

Shuningdek, ularning mobil telefon apparatlarida respublikamiz qonunchiligida taqiqlangan audio-video koʻrinishidagi diniy materiallar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?