DXX giyohvandlikka qarshi reyd tadbirlarini oʻtkazdi

21:16 10 Avgust 2020 Jamiyat
449 0

Giyohvand moddalar isteʼmoli va noqonuniy savdosi jamiyatga va insoniyatga katta xavf tugʻdirib kelgan. Ushbu zahri qotilning mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishiga qarshi kurashish borasida respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan keskin chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Jumladan, DXX CHQ harbiy xizmatchilari tomonidan Toshkent viloyati Bekobod shahri Sayxun MFY hududidan oʻtuvchi “oʻzbek-tojik” davlat chegarasidan mamlakatimizga olib kirish uchun Tojikiston tomonidan uloqtirilgan 892,5 g «gashish» giyohvandlik moddasi topildi. Hozirda mazkur giyohvand moddaning kimga tegishli ekanligini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi viloyat huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Tuproqqalʼa tumani “Sarimoy” YPX maskanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida «Samarqand-Urganch» yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan 1978-yilda tugʻilgan S.S. boshqaruvidagi “Malibu” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, avtomashinaning tepa oyna qismida 3 dona sellofan paketlarda alohida skotch bilan oʻralgan jami 336 g “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

S.S. ushbu ogʻuni Samarqand viloyatida “Alisher” ismli shaxsdan kelgusida sotish maqsadida 2.300 AQSH dollari hamda 35.500.000 soʻmga sotib olganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, «Toshkent-Urganch» yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib ketayotgan “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasi ham “Sarimoy” YPX maskanida toʻxtatilib tekshirildi. Natijada, avtomobilda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, 1972-yilda tugʻilgan R.Yo. yonidan 185,49 g “opiy” giyohvandlik vositasi topildi.

Maʼlum boʻlishicha R.Yo. tanishi “Qudrat” ismli shaxs bilan oʻzaro til biriktirib, “Madiyor” ismli shaxsdan taxminan 600 g “opiy” giyohvandlik vositasini 6.800 AQSH dollariga sotib olgan. Undan taxminan 400 g Qudratda qoldirib, qolgan qismini sotish maqsadida Xorazmga olib ketayotgan boʻlgan. 

“Sarimoy” YPX maskanida aniqlangan yana bir holat. «Toshkent-Urganch» yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib ketayotgan, 1973-yilda tugʻilgan Yu.X. boshqaruvidagi “Nyundai” rusumli avtomashina koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasidagi noutbuk joylangan sumka ichidan 133,35 g “opiy” giyohvandlik vositasi xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Yu.X. Toshkent shaxridagi «Farxod» dexqon bozori hududida tanishi “Abduvali” ismli shaxsdan 150 g “opiy” giyohvandlik vositasini jami 19.500.000 soʻm evaziga sotib olganligini hamda oz miqdorini oʻzi isteʼmol qilib, qolgan qismini Xorazm viloyatida sotish maqsadida olib ketayotganligini maʼlum qildi.

Yana bir holat. DXX Buxoro viloyati boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-tadbir davomida 1980-yilda Andijon viloyatida tugʻilgan, A.F. Toshkent shahridan Buxoro shahrida joylashgan temirchilik sexlaridan biriga kelgan vaqtida, unga tegishli boʻlgan charm sumka koʻzdan kechirilganda, uning ichida 173,15 g «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Bundan tashqari olingan tezkor maʼlumotlar asosida, F.A. Toshkent shahrida vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, unga tegishli boʻlgan kurtka choʻntagida ham 220 g «gashish» giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Keyingi holat poytaxtimizda qayd etildi. DXX va shahar Bojxona boshkarmasi xodimlari tomonidan 1980-yilda tugʻilgan R.S. Chilonzor tumanida 1974-yilda tugʻilgan I.Sh.ga 100 g «gashish» giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Shuningdek, ularda mavjud bulgan 1.550 AKSH dollari va 2 mln. soʻm ham ashyoviy dalil sifatida olib koʻyildi.

S.R. Chilonzor tumanidagi yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, u yerda 1976-yilda tugʻilgan I.O. hamda 1987-yilda tugʻilgan R.A. tegishli boʻlgan 195 g «gashish» moddasi topildi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan JK tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?