“Diromm” brendi ostidagi mahsulotlarning 90 foizi eksportga chiqmoqda

16:19 21 Noyabr 2022 Jamiyat
328 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon shahridagi “Bobur XBK” masʼuliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish yoʻnalishi boʻyicha hozirda Markaziy Osiyodagi yirik ishlar chiqarish majmuasi hisoblanadi. Bu yerda jinsi matosidan ishlab chiqarilayotgan 250 turdan ziyod kattalar va bolalar kiyimlarining 90 foizi eksport qilinmoqda. Bu haqida «Oʻzsanoatqurilishbank» tomonidan korxonaga tashkil etilgan press-tur davomida maʼlum qilindi.

— Hozirga kelib bir yilda 1,5 mln. donadan ziyod tayyor mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz, — deydi korxona rahbari Hayrullo Ismoilov. — Korxonamizda 850 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Mahsulotimizning 90 foizi “Diromm” brendi ostida Rossiya va Qozogʻistonga eksport qilinadi. 2021-yildan joriy yilning oktyabr oyiga qadar ushbu davlatlarga 2,8 mln. dollarlik mahsulot yetkazib berildi. Yil oxiriga qadar ishchilar sonini ming nafarga, ishlab chiqarishni oyiga 260 ming donaga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu mahsulotimizni Yevropa bozorlariga olib kirish tufayli eksport hajmini 31,2 mln. dollarga yetkazish imkonini beradi. Shu paytgacha Rossiyaning “JSC Melon Fashıon Group” kompaniyasi tarkibidagi “SELA MOMS”,“SELA KIDS”,“ZARINA”, “BIFIRI”,“SMENA” kabi mashhur brendlar bilan uzviy hamkorlikda ishlab kelmoqdamiz. Ayni paytda Germaniyada savdo uyini ochish harakatlari yakuniga yetish arafasida. Bu kabi yutuqlarga erishishimizda «Oʻzsanoatqurilishbank»ning xizmati juda katta. Boisi, 2019-yilda bank tomonidan ajratilgan 23,8 mln. AQSH dollari qiymatidagi moliyaviy koʻmak tufayli Yaponiya va Turkiya davlatlaridan eng zamonaviy texnologik uskunalar olib kelindi.

Eʼtiborli jihati, ushbu korxona ishchilarining asosiy qismini bir paytlar ijtimoiy daftarlarda turgan opa-singillarimiz tashkil etadi.

– Mahalla fuqarolar yigʻini tavsiyasi asosida ushbu korxonaga ishga kelganimda, ochigʻi, oʻzimga uncha ishonmagandim, – deydi tikuvchi Shoiraxon Latibjonova. – Boisi, jinsi matosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasi yangilik boʻlgani sabab bu borada yetarli malakam yoʻq edi. Biroq, korxonada ustoz-shogird anʼanalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgani bois ikki oyda kasbim sirlarini oʻzlashtirib oldim.

Korxonada ishga qabul qilinganlar maʼlum muddat shogird vazifasini oʻtaydilar. Bu davr orasida ularga 1 mln. 200 ming soʻm miqdoridagi ish haqi toʻlanadi. Shundan soʻng bajargan ishiga qarab 3 mln. soʻmgacha maosh tayinlanadi. Ishga kelib-ketish, tushlik korxona hisobidan amalga oshirilgani bois oylik maosh yuz foiz daromad hisoblanadi.

«Oʻzsanoatqurilishbank» Andijon mintaqaviy Bank xizmatlari ofisi rahbari Sardorbek Teshaboyevning aytishicha, joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda 50 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarining istiqbolli loyihalari qoʻllab-quvvatlandi. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar miqdori oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ortdi. 2022-2023-yillar davomida qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida ishga tushirilishi moʻljallangan 28 ta loyihadan 19 tasi tatbiq etilib, 650ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Reklama huquqi asosida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?