“Diplomatic world” jurnalida Oʻzbekiston va boʻlajak saylovlarga oid maqola chop etiladi

20:36 17 Iyul 2021 Siyosat
918 0

17-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasida Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi murojaati asosida “Diplomatic World” jurnali ijrochi direktori B.Ditrix va “Diplomatic World Institute” markazi menejeri A.Turkstra ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari B.Kuchkarov, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi G.Raximova, MSK Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi B.Ismoilov hamda Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixona maslahatchisi R.Mamatovlar ishtirok etdi.

Qayd etish joiz, Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi “Diplomatic World” rahbariyati bilan joriy yilning sentyabr oyida jurnalning Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan maxsus sonini nashr qilish boʻyicha kelishuvga erishgan. Shundan kelib chiqib, jurnal vakillari joriy yilda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, jumladan saylov qonunchiligi va amaliyoti haqida maqola chop etishni maqsad qilgan.

Uchrashuvda mamlakatimizning saylov qonunchiligi va amaliyotidagi oʻzgarishlar haqida soʻz yuritilar ekanlar, Saylov kodeksi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va meʼyorlariga muvofiq shakllangani va xalqaro saylov standartlariga mos kelishi qayd etib oʻtildi.

Oʻzbekistonning saylovlar oʻtkazish jarayonida YEXHT DIIHB bilan oʻzaro hamkorlik samarasi oʻlaroq mamlakatimiz milliy saylov tizimini yana-da demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umum eʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yana-da keng va toʻla taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Uchrashuvda shuningdek, saylovlarga tayyorgarlik davomida ommaviy axborot vositalari uchun saylovni yoritish, saylovda ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning ishtirokini taʼminlash, saylov komissiyalari xodimlarini oʻqitishga qaratilgan treninglarni tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va saylovlar boʻyicha tajriba almashish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ham soʻz bordi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlik va aloqalarning mustahkamlanishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar.

Maʼlumot uchun: “Diplomatic World” xalqaro jurnali siyosat, diplomatiya, biznes, moliya, sanʼat va madaniyat sohalarini keng yoritib kelmoqda. . Jurnal Yevropaning parlament aʼzolari, Yevropa Ittifoqi rahbarlari, ishbilarmon doiralar, diplomatik korpuslar va Bryusselda akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilotlarga tarqatiladi.

2020-yilda jurnalning Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus soni nashr etilgan boʻlib, undan Yevropaning yetakchi iqtisodchi, analitik va ishbilarmon doiralari vakillarining maqola va intervyulari joy olgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?