“Digital Generation Camp” oʻquv oromgohining ilk bitiruvchilari xalqaro raqamlashtirilgan sertifikatlar bilan taqdirlandi

12:15 24 Iyun 2019 Jamiyat
1067 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Toshkent shahridagi Inha Universiteti hamkorligida “Digital Generation Camp” loyihasi ishga tushirildi. IT sohasidagi mazkur loyiha asosida 18-22-iyun kunlari “Yoshlar oromgohi”da “Digital Generation Camp” yozgi oromgohi tashkil etildi. Unda ishtirok etish uchun oʻquv tizimi orqali loyihaning 5 ta yoʻnalishi boʻyicha 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 90 nafar oʻgʻil-qiz saralab olindi.

Boʻstonliq tumani “Yoshlar oromgohi”da tadbirning ochilish marosimi oʻtkazilib, unda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Qahramon Yoʻldoshev va Toshkent shahridagi Inha Universiteti rektori Muzaffar Jalolovlar loyihaning maqsad hamda vazifalari xususida soʻz yuritdi.

Ishtirokchilarning har bir yoʻnalishdagi bilim darajasi va qobiliyatini aniqlash uchun ular mavjud yoʻnalishlarning ilgʻor vakillari hamda taniqli blogerlari Nuruddin Iminohunov, Ulugʻbek Kalanov, Dilmurod Hodiyev, Jaloliddin Mirzayev bilan uchrashib, interfaol mashgʻulotlarga jalb qilindi. Xalqaro spikerlardan “Startup Weekend” loyihasining Oʻrta Osiyodagi koordinatori Anurag Maloo va Mustafa Xamvi “Digital Generation Camp” loyihasi va yoshlardagi imkoniyatlar haqida oʻz fikrini bildirdi.

Loyihaning amaliy qismida talabalar jamoalarga boʻlingan holda tajribali mentorlar bilan fikr almashib, IT sohasidagi dolzarb loyihalar ustida ish boshladi. Ular oʻquv platforma oldidan zarur ishchi buyumlar bilan taʼminlanib, har bir yoʻnalishda mahorat darslarini oʻtadi. Toshkent shahridagi Inha universiteti professori Aziz Marahimov va “ZoʻrTV” telekanali prodyuseri Kamil Jalilovlar ishtirokchilar bilan oʻz tajribalarini boʻlishdi.

Oromgohning 5-kuni ishtirokchilar yakka va jamoaviy tarzda oʻz loyihalari taqdimotini namoyish etdi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboyev va Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolovlar loyihaning yopilish marosimida qatnashib, har bir yoʻnalish boʻyicha oʻzbek, rus va ingliz tillarida oʻz taqdimotlarini oʻtkazgan yoshlarga xalqaro miqyosida ham amal qiladigan raqamlashtirilgan sertifikatlarni topshirdi. Qatnashchilar 5 kunlik olgan bilim va tajribalarini oʻz hududlaridagi yoshlar bilan ham oʻrtoqlashadigan boʻldi.

“Oʻrgan, ulash, ruhlantir” shiori ostidagi loyihada yoshlarning jahondagi oxirgi trendlar, startaplarni yaratish, ularni samarali yuritishni va bozor talablarini oʻrgangani, shuningdek, media sohasida zarur bilim, koʻnikmalarga ega boʻlgani ularga kelgusidagi faoliyatlarida dasturi amal boʻladi.

Mazkur loyiha erkin fikrlovchi, texnologik trendlarga qiziquvchi yoshlarni dasturlash, robototexnika, media va dijital marketing, dizayn, kibersport yoʻnalishlari boʻyicha birlashtirdi. Bundan tashqari, ularning jamoaviy boʻlib ishlashlarini taʼminlab, hamkorlik hamda rejalashtirish qobiliyatini kuchaytirishga xizmat qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?