Derazani sindirgan bola

13:07 21 Yanvar 2022 Jamiyat
262 0

Foto: Халқ сўзи

Muhabbat oʻzi eski narsa, ammo u har qalbda yangilanadi, degan ekan donishmandlardan biri. Bilimga, kitobga tashnalik tuygʻusi ham shunga oʻxshab ketadi. Yaxshi asar har bir yurakda qayta kashf etiladi. Kishini ezgulikka oshno qiladi. Dunyoga boshqacha nazar bilan qarashga oʻrgatadi. Ruhiy ozuqa beradi.

— Baʼzan kishi shu ehtiyojni sezmay qolib, xatoga yoʻl qoʻyar ekan, — deydi tanishim. — Bilasiz, shaharda yashayapmiz. Qishloqdagi uyimizda kitob toʻla javon bor. Bir safar aynan shu uyni berkitib kelibmiz, deng. Buvisi bilan qolgan oʻgʻlim kitobsiz tura olmaydi. Zerikkan. Kitob olib oʻqiy desa, xona eshigi berk. Ilojsiz qolgach, derazani sindirib, uyga kirganu kitob mutolaasiga shoʻngʻigan.

Kattayu kichik bugun ijtimoiy tarmoqlarga ipsiz bogʻlanib qolgan zamonda tanishimning bu soʻzlarini eshitib, ochigʻi, suyundik. Kitobga mehr qoʻygan shunday bola borligi qanday yaxshi.

— Derazani sindirgan oʻgʻlimga tanbeh bermadim, — deya davom etdi u. — Negaki, xatolik mendan oʻtgan. Axir kitob oʻqigan kishidan yomonlik chiqmaydi. Shunday emasmi?

“Oʻzimdagi barcha ezgu xislatlar uchun kitobdan minnatdorman”, degan adib haq. Taʼkidlaganimizdek, badiiy asar kishiga ruhiy ozuqa beradi. Tafakkurni, dunyoqarashni boyitadi. Oqu qorani tanitadi.

— Bolalarda kitob oʻqishga ishtiyoq uygʻotishda ota-ona, oila bilan bir qatorda muallimlarning ham oʻrni benihoya katta, — deydi gʻijduvonlik keksa pedagog Egam Olimov. — Men “Ertaga oliy oʻquv yurtida tahsil olib, yetuk kadr, xususan, oʻqituvchi boʻlaman”, deya niyat qilgan yoshlarga fransuz faylasufi Deni Didroning “Odamlar kitob oʻqishdan toʻxtasalar, fikrlashdan ham toʻxtaydilar”, degan soʻzlarini eslatmoqni istardim.

Oʻnlab yoshlarning ustozi sanalgan muallim bu haqida bejiz toʻxtalayotgani yoʻq. Uning aytishicha, hatto ayrim oʻqituvchilarning bilimlari xaminqadar. Fikrlarini qogʻozga tushirishga qiynalishadi. Tumtoq jumlalar tuzishadi. Bu kitob oʻqimaslikning asorati emasmikan?!

Huzurimga “Sheʼrlarimni koʻrib bersangiz”, deb maktab oʻquvchilari tez-tez kelib turadi, - deydi mahalliy nashrlardan birida ishlovchi hamkasbimiz. - Ularning intilishu ishtiyoqlarini koʻrib quvonaman. Maslahatlar beraman. Koʻp kitob oʻqinglar, deyman. Ammo mashqlari oddiy, joʻn soʻzlardan iborat boʻlib qolganini, oʻquvchilarda hatto qofiya, vazn toʻgʻrisida tuzukroq tushuncha ham yoʻqligini koʻrib adabiyot muallimlaridan xafa boʻlib ketaman. “Oʻqituvchingga yozganlaringni koʻrsatdinglarmi?” deb soʻrasam, “Ha, yaxshi, dedilar” degan javobni eshitaman. Shunday paytda bu bolalarga saboq berayotgan adabiyot muallimining bilimli, oʻz kasbining fidoyisi ekaniga shubhalanib qolasan, kishi.

Darhaqiqat, qoʻlida diplomu boru, biroq bilimi sayoz muallim oʻquvchining ilmga tashnaligini qondira oladimi? Uning qiziqishlarini oʻzi sezmagan holda soʻndirib qoʻymaydimi? Tanishimiz aytmoqchi, kitob oʻqish niyatida eshigi berk uyning derazasini sindirib ichkariga kirgan bolaga unday muallim nima bera oladi?!

Bu soʻzlarni oʻqigan muallimlar “Bogʻimizga tosh otmang” deyishlari mumkin. Zero, ilmli, oʻz ustida qunt bilan ishlaydigan, izlanuvchan, fidoyi oʻqituvchilar koʻp. Ular mehnati qadr topayapti. Topadi ham. Biroq loqayd, badiiy, ilmiy asarlar u yoqda tursin, oʻz sohasiga oid gazeta-jurnallarni oʻqishni ham xayoliga keltirmaydigan muallimlar ham, afsuski, yoʻq emas.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер