Deputatlar Karmana tumani terimchilari huzurida boʻldi

09:51 08 Oktyabr 2021 Jamiyat
131 0

Foto: Temur Eshboyev / Xalq so'zi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyev Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputatlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda Oliy Majlis Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisida koʻrilgan masalalar hamda qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash borasida deputatlar oldida turgan vazifalar, shuning barobarida keng jamoatchilik nazoratini oʻrnatish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

– Yalpi majlisda koʻrilgan oʻndan oshiq masala, shu jumladan, 8 ta qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy negizini takomillashtirishga, fuqarolarning qonuniy manfaatlari kafolatini yanada kuchaytirishga qaratilgan, - deydi xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Saodat Bozorova. – Ularning ijrosini taʼminlashda deputatlar faolligi bevosita xalq farovonligi va ertangi kunga ishonchi hamda davlatdan roziligi omili ekanini faoliyatimizda ustuvor mezon qilib olishimiz shart.

Muloqotda, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida respublikada ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari boʻyicha joriy yil 24-avgust kuni oʻtkazilgan yigʻilishda belgilangan vazifalar ham muhokama etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalariga senatorlar va deputatlar tomonidan joylarga chiqqan holda, belgilangan har bir topshiriq va vazifalar mazmun-mohiyatini tuman (shahar)lar hokimlariga hamda sektorlar rahbarlariga tushuntirish ishlarini tashkil etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish xususida soʻz bordi. Muloqotlarda mahalliy Kengashlar deputatlari hududlarda qimmatbaho daraxtlarni kesishga qarshi eʼlon qilingan moratoriy ijrosini taʼminlashda jamoatchilik nazoratining oldingi safida boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Shu kunlarda paxta yigʻim-terim mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat, dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar faoliyatini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh oldida turgan vazifalar tushuntirildi.

Ishchi guruh aʼzolari Karmana tumanidagi bir qator fermer xoʻjaliklarida mehnat qilayotgan terimchilar huzurida boʻlib, ular uchun yaratilgan qulayliklarni yaqindan oʻrgandi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?