Deputatlar Davlat byudjetining 2020-yil toʻqqiz oyidagi ijrosini koʻrib chiqdilar

15:06 18 Noyabr 2020 Siyosat
328 0

18-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil 9 oyi yakunlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni muhokama qildilar. Muhokamalarda Moliya vaziriligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Markaziy Bank va boshqa tegishli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi.

Yigʻilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasining youtube videoxostingi hamda facebook ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy sahifasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi. Bu jarayonda keng jamoatchilik muhokamalar yuzasidan oʻz-fikr-mulohazalarini bildirib bordilar.

Hukumat taqdim etgan joriy yilning toʻqqiz oylik yakunlariga oid hisobotga koʻra, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan byudjet parametrlari doirasida amalga oshirilib, shuningdek, pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Darhaqiqat, koronavirus pandemiyasi va global inqiroz asoratlari Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham taʼsir oʻtkazmasdan qolmadi. 2020-yilning 9 oyi yakuniga koʻra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foizga oʻsgan.

2020-yil 9 oylik Davlat byudjeti daromadlari qariyb 94,5 trillion soʻmni tashkil etgan boʻlsa, pandemiya sharoitlarini hisobga olgan holda aniqlashtirilgan prognoz koʻrsatkichlari 102,9 foizga yoki 2 661 mlrd. soʻmga oshirib bajarilgan.

Oʻtgan 9 oyda Davlat byudjetining xarajatlari davlat maqsadli jamgʻarmalarini hisobga olmagan holda 94,5 foizga ijro etilgan yoki byudjet xarajatlari YAIMga nisbatan 25,0 foizdan iborat boʻldi. Pandemiya keltirib chiqargan qiyinchiliklarga qaramasdan, byudjet tashkilotlarining salkam 33,6 trillion soʻmlik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda 7,1 trillion soʻmlik ish haqiga nisbatan ajratmalari oʻz muddatlarida toʻliq moliyalashtirib berilgani eʼtiborga molik.

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 53,6 trillion soʻmdan ortiq yoki umumiy xarajatlarning 52,5 foizi miqdoriga teng mablagʻ sarflangan. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 13,1 foizni tashkil etdi. Ularning 84 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi davrida aholi sogʻligʻini saqlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan 13,6 trillion soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 3,1 milliard soʻmga koʻp demakdir.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlariga asosan tasdiqlangan sogʻliqni saqlash sohasiga doir Davlat dasturlari va markazlashgan tadbirlarga joriy yilning toʻqqiz oyi ichida 431 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilib, uning 98 foizi maqsadli oʻzlashtirilgan.

Sir emaski, global pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash sohasiga tasdiqlangan byudjet mablagʻlaridan tashqari “Inqirozga qarshi kurashish” jamgʻarmasi hisobidan ham tegishli mablagʻlar yoʻnaltirildi. Jumladan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jami 2 440,3 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Majlisda deputatlar eʼtiborni, eng avvalo, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga qaratdilar. Xalq vakillari moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2020-yilning 9 oyi mobaynida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 129 milliard soʻm atrofida byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi hamda asossiz xarajatlar aniqlaganini salbiy baholadilar. Bunday holatlar hisobot davrida Xalq taʼlimi vazirligi (389 ta holatda 40,7 mlrd soʻm), Sogʻliqni saqlash vazirligi (345 tada 22 mlrd soʻm), Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimida (159 tada 10,7 mlrd soʻm) eng koʻp aniqlangani tanqid ostiga olindi, masʼullar bundan jiddiy xulosa chiqarishi lozimligini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb etilgan bir qator tibbiy muassasalar faoliyati uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan mablagʻlarining sarflanishida aniqlangan 70,7 milliard soʻmlik xato va kamchiliklar, amaldagi qoidalarga rioya etmaslik holatlariga ham tanqidiy baho berildi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar tomonidan byudjetni shakllantirish va ijrosini taʼminlashda natijadorlik muhim ekani taʼkidlandi. Bu borada byudjet tizimida aniq chora-tadbirlar koʻrila boshlangani eʼtirof etildi. Shu bilan birgalikda, byudjet tizimida “Natijaga yoʻnaltirilgan byudjet”ni shakllantirish va ijrosini taʼminlashda jiddiy oʻzgarishlar sezilmayotgani ham koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, Moliya hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralarga byudjet mablagʻlarining natijadorligiga oid maʼlumotlarni koʻproq yoritish masalasi qoʻyildi.

Majlis ishtirokchilari yana bir muhim masala – Davlat investitsiya dasturiga ijtimoiy sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar va ulardan maqsadli va samarali foydalanish borasida hisobotda yetarli darajada tahliliy maʼlumotlar kiritilmaganini koʻrsatib oʻtishdi. Shu tufayli aholini qiynaydigan gaz, ichimlik suvi, elektr taʼminoti, yoʻllar, bogʻcha, maktab va sogʻliqni saqlash masalalariga oid 9 oy yakunlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Davlat byudjetining 2020-yilning toʻqqiz oyidagi ijrosini har tomonlama muhokama qilish chogʻida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari oʻz nuqtayi nazarlari va fikrlarini bayon qilib, byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish, byudjet tashkilotlarida moliyaviy intizomga amal qilish, davlat organlarining byudjet ijrosi boʻyicha masʼuliyatini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdilar.

Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari oʻzlarining siyosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda davlat byudjetining 9 oylik yakunlariga oid hisobotda har bir vazirlik va idoralarning kengaytirilgan xarajatlarini ularga qoʻyilgan vazifalar bilan bogʻlagan holda koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladilar. Shuningdek, fraksiya aʼzolari Moliya vazirligi byudjet parametrlarida moliyalashtirish darajasi ortda qolayotgan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar bilan birgalikda davlat byudjetida koʻzda tutilgan xarajatlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha yil yakunigacha boʻlgan davr uchun moliyalashtirish va ularni maqsadli oʻzlashtirishga oid reja ishlab chiqib, amalga oshirishni taklif qildilar.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olib, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq taʼtili va imtiyozlarini toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazgan holda ularning samarasizlarini bekor qilish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishni hamda ularni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ilgari surdilar.

Shuningdek, fraksiya tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda joylarda oʻtkazilgan moliyaviy nazorat tadbirlarida aniqlangan byudjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi va asossiz xarajatlarni amalga oshirish holatlarining kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish va qonunbuzilish holatlari oldini olishga qaratilgan taʼsirchan choralar koʻrish tavsiya etildi.

“Adolat” sotsial demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari byudjet mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanish byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirishda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan ichki audit tizimini faollashtirish va masʼuliyatini oshirishga oid olib borilayotgan ishlar hisobotda kengroq yoritilish maqsadga muvofiqligini, byudjetga ortiqcha toʻlovlar miqdori kamaymayotganligi va bu borada Davlat soliq qoʻmitasining batafsil axborotini eshitish maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar. Shuningdek, deputatlar davlat byudjeti daromadlari barqaror oʻsishini va soliq solishning adolatlilik tamoyilini taʼminlash va soliq imtiyozlarini tartibga solishga oid qoʻshimcha maʼlumotlar zarurligini qayd etdilar.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari davlat byudjeti xarajatlarida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va bandligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligi borasidagi masalalarga eʼtibor qaratishdi. Mazkur yoʻnalishda mavjud muammolarni hisobga olgan holda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish borasida byudjet mablagʻlari hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijalari boʻyicha Hukumat soati doirasida hisobot berib borish taklif etildi. Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida davlat byudjeti hisobidan ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlarini yil yakunigacha toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash va bu boradagi ishlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga doimiy axborot berib borish maqsadga muvofiq deya fikr bildirildi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi aʼzolari Davlat byudjetining 9 oylik ijrosiga oid hisobotlarda suv va yer resurslarini saqlash, ulardan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash, tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan va boshqa muhim davlat dasturlarini moliyalashtirish masalalariga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladilar. Shuningdek, fraksiya aʼzolari ushbu hujjatlarning rejalashtirilgan davlat xarajatlari bilan uygʻunligini va nazoratini kuchaytirish maqsadida birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilari uchun Davlat dasturlariga ajratilayotgan mablagʻlarni alohida qatorlarda koʻrsatish mexanizmi joriy qilinishi byudjet jarayoni shaffofligini oshirish imkoniyatini berishini eʼtirof etdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama davomida bildirilgan fikr va mulohazalar hamda takliflarni atroflicha koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2020-yil 9 oyligi boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash haqida tegishli qaror qabul qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?