Deputat tashabbusi bilan koʻp yillik muammo hal boʻldi

16:56 04 Avgust 2022 Jamiyat
455 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari har oyning oxirgi haftasida oʻz saylov okruglarida boʻlib, xalq bilan ochiq muloqotlar oʻtkazadi. Tabiiyki, uchrashuvlar ular chogʻida yechimini kutayotgan turli muammolarga duch keladi.

Fuqarolar tomonidan kelib tushgan koʻplab murojaatlarni qonun bilan berilgan vakolatlar doirasida hal etish choralari koʻriladi. Ortiqcha vaqt talab etadigan masalalar nazoratga olinib, ularning yechimi yuzasidan tegishli vazirliklarga deputatlik soʻrovi yuboriladi.

Jarqoʻrgʻon tumanidagi xalqaro ahamiyatga ega M-41 yoʻli boʻyidagi holat ham shulardan biridir. “Mehnat-Rohat”, “Qoraqursoq”, “Istiqlol”, “Neftchilar” singari mahallalar hududidan oʻtuvchi ushbu avtomobil yoʻlida (1578 km) maktabgacha taʼlim tashkilotlari, bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, savdo va ovqatlanish shoxobchalari bor. “M-41” avtomobil yoʻlining ayni shu qismi eng serqatnov hisoblanishi barobarida atrofda aholi ham gavjum.

Jarqoʻrgʻon – Kakaydi avtomobil yoʻli boʻyida ham qator muassasalar, dehqon bozori va jomeʼ masjidi joylashgan. Shu yoʻlning cheti piyodalar eng koʻp harakatlanadigan joylardan, albatta. Oʻtgan yillar davomida bu hududda anchagina yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishi natijasida oʻnlab fuqarolar halok boʻldi.

Mahalliy faollar jiddiy tashvishga tushdi. Ayanchli holatlarning oldini olish uchun saylovchilar tomonidan yuqorida koʻrsatilgan avtomobil yoʻllarining serqatnov qismida piyodalar yoʻlakchalarini tashkil etish, kesib oʻtish mumkin joylarga svetoforlar oʻrnatish, shuningdek, harakat xavfsizligini taʼminlashning qatʼiy choralarni koʻrish yuzasidan amaliy yordam soʻralgan murojaat kelib tushgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samadov ushbu masalani oʻz nazoratiga olib, mazkur murojaat yuzasidan Ichki ishlar vaziriga deputatlik soʻrovi yubordi.

Tez orada tilga olingan hududda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jarqoʻrgʻon tumani hududidan kesib oʻtuvchi Bishkek – Dushanbe – Termiz avtomobil yoʻlining 1578 kilometridagi piyodalar oʻtish joyi qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2 yoʻl belgilari va 1.14.1 – 1.14.3 yoʻl chiziqlari bilan qayta tiklandi.

Eʼtiborli tomoni, ushbu avtomobil yoʻlining yonida joylashgan 5-maktabgacha taʼlim tashkiloti, bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatishi inobatga olinib, yangi namunadagi 5.46 yoʻl belgisi oʻrnatildi.

Endi haydovchilar ushbu hududda 30 km tezlikda harakatlanadi. Jarqoʻrgʻon – Kakaydiavtomobil yoʻlining 9 kilometri 400 pekitidagi oilaviy nodavlat MTT va 10 kilometri 100 pekitidagi Xoʻja Samandar Termiziy jomeʼ masjidi yonidan oʻtuvchi yoʻl qismiga ham piyodalar chizigʻi va yoʻl belgisi oʻrnatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?