Deputat fikri: Tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan taʼminlanishi lozim

Foto: Xalq so‘zi
Shifokorlarga “hayotimiz posbonlari”, “oq xalatli najotkorlar” deya taʼrif beramiz. Ammo, afsuski, soʻnggi paytlarda ushbu soha vakillarini haqoratlash, faoliyatiga toʻsqinlik qilish va hatto ularga qoʻl koʻtarish bilan bogʻliq noxush holatlar tez-tez kuzatilmoqda.
Bu kabi koʻngilsizliklarning oldini olish maqsadida ayni paytda parlament quyi palatasida “Tibbiyot xodimining faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamalardan oʻtkazilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova qonunchilikka kiritilayotgan bu oʻzgartishlar haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq holatlar jamiyatimizdagi illatlardan biriga aylanib borayotgani juda achinarli. Buning oldini olishda eng samarali yoʻl noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, deb hisoblayman.
Fikrimcha, basharti shaxs ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotgani va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganini ham yaqqol anglagan boʻlsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Shu maqsadda Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi normasiga jinoyatning oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir qilganini nazarda tutuvchi qoʻshimcha band kiritish kerak, deb oʻylayman.
Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin boʻladi. Oʻz oʻrnida bu katta profilaktik taʼsir kuchini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, koʻchada “Tez yordam” mashinasiga yoʻl bermaslik holatlariga nisbatan ham jarimalar hajmini koʻpaytirish kerak. Xususan, “tibbiyot xodimi”, “tibbiy yordam” kabi tushunchalarga taʼrif berilib, tibbiyot xodimlari faoliyatiga aralashganlik qonunchilikda tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻlishi belgilanishi zarur.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks tibbiyot xodimi faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi meʼyor bilan toʻldirilishi ham turli huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Hazarimda, tibbiyot xodimlari ham “bodi kamera” bilan taʼminlanishi lozim. Masalan, ichki ishlar organlari xodimlarida ana shunday moslamalar mavjud. Bu orqali fuqarolarning ham, tibbiyot xodimining ham masʼuliyati oshadi, zoʻravonliklarga barham beriladi, deb oʻylayman.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH boy berilgan hududlarni Ukrainaga qaytarishga erishish niyatida ekanligini maʼlum qildi
- Transport vazirlari “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini muhokama etishdi
- Olimlar saratondan ham oʻlim xavfi ikki baravar yuqori boʻlgan kasallik haqida maʼlum qilishdi
- “Eshonxoʻja ota” masjidi imom-xatibi Avazxoʻja Bahromov lavozimidan ozod etildi va 3 sutkaga qamaldi
- Oʻzbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” kompaniyasi oʻrtasida gaz sohasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi
- Saudiya Arabistonida birinchi Islom sanʼati biyennalesining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring